O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2024-yil yakunlari va 2025-yil uchun rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazmoqda, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
“Keng ko‘lamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim ta’kidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish — biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha — barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart”, — dedi prezident nutqi boshida.
Shavkat Mirziyoyev hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularning dardi bilan yashashi kerakligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aniq takliflarni o‘rtaga qo‘yib kelmoqda. Natijada 2024-yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilingan.
Prezident kengash a’zolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga shu faollik uchun minnatdorlik bildirdi.
Moliyalashtirishning ko‘payishi
Davlat rahbari so‘nggi yillarda iqtisodiyotda pul ko‘paygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishning mustahkam asosi yaratilganini ta’kidladi.
Korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trln so‘mga oshib, 107 trln so‘mga yetgan. Aholi omonatlari ham 25 trln so‘mga ko‘payib, 105 trln so‘m bo‘ldi.
Prezident bu banklar barqaror rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlar ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi.
Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trln so‘mni tashkil qilishi, 2025-yilda bu 300 trln so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingani aytildi.
Prezident kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trln so‘mga yetkazilishini ta’kidladi.
2025-yilda O‘zbekiston banklari tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib chetdan davlat kafolatisiz 6 mlrd dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Yangi faktoring tizimi keng yo‘lga qo‘yilgani natijasida shu yilning o‘zida 100 mln dollarlik shunday xizmatlar ko‘rsatilgan.
Infratuzilma va energoresurslar
Biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temiryo‘l kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga 2024-yilda 35 trln so‘m yo‘naltirilgan. 2025-yil bunga yana 43 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan.
2024-yilda elektr ishlab chiqarish 82 mlrd kilovatt-soatga yetdi. Bu yil ishga tushgan 6,3 mlrd dollarlik 17 ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga 2025-yilda qariyb 90 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.
2025-yilda yana 6,4 mlrd dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etilishi aytildi.
Davlat rahbari endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga o‘tish vaqti kelganini qayd etdi. Hozirda mamlakatda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetgan. 2025-yilda ilk bor elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi.