AQSh Kongressining Vakillar palatasi davlat moliyalashtirishini vaqtincha uzaytirish haqidagi qonun loyihasini rad etdi, deb yozadi CNN va Reuters.

Federal idoralarni moliyalashtirish 20-dekabr kuni yarim tunda tugaydi. Agar bu muddat uzaytirilmasa, AQSh hukumatida ishni to‘xtatish (shatdaun) xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Qonun loyihasida hukumat moliyalash muddatini uch oyga uzaytirish, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 110 milliard dollar va hukumat qarzining chegarasini 2027-yil yanvarigacha ikki yilga to‘xtatib turish ko‘zda tutilgan. Qarz limitini bekor qilish saylangan prezident Donald Trampning talabi edi — bu unga saylov kampaniyasi davomida va’da qilingan soliq islohotini amalga oshirish, soliqlarni keskin qisqartirish imkonini beradi.

Hujjat Tramp va milliarder Ilon Mask Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson demokratlar bilan erisha olgan avvalgi ikki partiyaviy kelishuvni tanqid qilganidan keyin Respublikachilar partiyasi tomonidan shoshilinch ravishda taklif qilingan. CNN hisob-kitoblariga ko‘ra, Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) saylov kuni ko‘p oylar davomida tayyorlanayotgan ikki partiyaviy kelishuvni tanqid qiluvchi 92 ta post chop etgan.

Demokratlar yangi qonun loyihasini Mask kabi boy amerikaliklarga foyda keltiradigan, ammo AQSh qarziga trillionlab dollar qo‘shadigan soliqlarni kamaytirish uchun niqob deb atadi. Mamlakatning o‘sib borayotgan qarzidan norozi bo‘lgan ayrim respublikachilar ham bunga qarshi chiqdi.

Natijada qonun loyihasiga qarshi 235 kishi (197 nafar demokrat va 38 nafar respublikachi), uni yoqlab esa 174 kishi ovoz berdi.

Muvaffaqiyatsiz ovoz berishdan keyin Jonson respublikachilarning yangi rejasi borligini aytdi va juma kuni yangi ovoz berish o‘tkazilishini va’da qildi.

Trampning o‘zi respublikachilar qarz limitini uzaytirmasdan “kelishuv tuzmasligi” kerakligini va agar hukumat ishni to‘xtatsa, bu hali Jo Bayden prezident ekanida amalga oshishi kerakligini aytdi.

Jo Baydenning matbuot kotibi Karin Jan-Perning aytishicha, amaldagi prezident “hukumatni saqlab qolish uchun ikki partiyaviy kelishuvni qo‘llab-quvvatlaydi… lekin respublikachilar so‘nggi daqiqada qabul qilishni taklif qilgan milliarderlarga sovg‘ani emas”.