Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida 17 yoshli o‘smir katta miqdordagi kriptovalyuta “ishlab olgani” uchun javobgarlikka tortilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. “Aslida… bu “iqtidor” egasi oddiy “virtual valyutchik”lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan”, — dedi u.
“Gazeta.uz” avvalroq Buxoro viloyati Kiberxavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan kriptoaktivlar sohasidagi qonunchilikni buzganlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi doirasida yosh yigit hibsga olingani haqida yozgan edi. Milliy telekanalining xabar berishicha, yigit “belgilangan tartibda litsenziya olmasdan” 34 mlrd so‘m (2,64 mln dollar) miqdoridagi kriptoaktivlarni ishlab topgan.
“Sir emaski, bugun Telegram`dagi yopiq (anonim) kanallar, guruhlarda kriptovalyutani sotishga, sotib olishga chaqiradigan resurslar ko‘paygan. Ushbu kanallarda “sotuvchi” va “xaridor”lar o‘zaro tanishadi va elektron pullarini kriptovalyutaga yoki kriptovalyutani pulga aylantirib bergan holda “virtual valyutchik”lik bilan shug‘ullanishadi”, — dedi Shohrux G‘iyosov.
Uning aytishicha, shu ko‘rsatgan xizmatlari uchun ular o‘tkazib bergan pullar miqdorining 0,1−2 foizi miqdorida vositachilik haqi olishadi (o‘tkazib bergan pulining anonimligi qancha yuqori bo‘lsa, olib qolinadigan foiz to‘lovi ham shunga mos bo‘ladi). Buning uchun “virtual valyutchik”lar bitta kriptovalyutani boshqasiga almashtirish yoki uni pulga (dollar, yevro, rubl va b.) aylantirish imkonini beruvchi Binance kabi maxsus platformalardan foydalanadi.
IIV vakili maxsus platformalar sodda va qulay yaratilgan bo‘lib, ulardan axborot texnologiyalari, hatto kriptovalyuta sohasida chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishilar ham bemalol foydalana olishini ta’kidladi.
“Bugunga kelib esa yirik firibgarlar, narkotik, qurol, odam savdosi, bolalar pornografiyasiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruhlar hisob-kitoblarni asosan anonim kriptoaktivlar orqali amalga oshirmoqda. Shuningdek, terrorchi guruhlar o‘zlarini moliyalashtirish uchun kriptovalyuta orqali mablag‘ yig‘moqda. Buning sababi shundaki, uning yordamidan foydalanib pul mablag‘larini qisqa vaqt ichida, dunyoning istalgan nuqtasiga, anonim tarzda o‘tkazish mumkin”, — dedi u.
G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, “virtual valyutchiklar” o‘zi bilib yoki bilmagan holda yuqoridagi kabi ishlarda vositachi bo‘lib qoladi. “Bu jarayonda, albatta, davlat nazorati bo‘lishi kerak, tartibotlar va qoidalarga rioya qilinishi esa shart va zarur”, — dedi u.
Gumonlanuvchi Z.M. yetti oy davomida Binance platformasi orqali umumiy qiymati 34 mlrd so‘mlik 4 mingdan ortiq shubhali vositachilik operatsiyalarini amalga oshirgan va vositachilik haqi undirib kelgan. “Bu holatda ayonki 34 mlrd so‘m ishlab topilgan „iqtidorli“ yigitning daromadi emas, balki tizimdan o‘tkazilgan boshqa bir insonlarning puli summasidir”, — deydi Shohrux G‘iyosov.
“Mazkur operatsiyalar tahlil qilinganda Z.M. aylantirgan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushgani ma’lum bo‘ldi, ya’ni ushbu mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni legalizatsiya qilishga va ularning izini yo‘qotishga qaratilgan harakat ekani gumon qilinmoqda. Bunga javobni esa tergov va sud organlari beradi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ham to‘liq amal qilinadi”, — dedi IIV vakili.
U mazkur jinoyat ishi to‘g‘risida chiqishlar qilayotgan ayrim tarmoq foydalanuvchilari o‘z harakatlari bilan jamoatchilikni chalg‘itib, uning xolis tergov qilinishiga xalaqit qilishini oqlab bo‘lmasligini ta’kidladi. G‘iyosov ularni “noprofessional” va “populist” deb atadi.
Avvalroq sobiq deputat Rasul Kusherbayev Buxoro davlat universiteti talabasi bo‘lgan va yaqin kunlarda sud jarayoni bo‘lib o‘tadigan yigit bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi. “Men uchun u jinoyatchi emas, O‘zbekistonning faol yosh “oltin bosh”laridan biri”, — degandi u.