Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-dekabr kuni jonli efirda “Vladimir Putin bilan yil yakunlari” muloqot formatida yil yakunlarini sarhisob qilib, jurnalistlar va mamlakat aholisining savollariga javob berdi. “Gazeta.uz” kechagi uchrashuvda ko‘tarilgan asosiy masalalarni bir yerga jamladi, bunda Putinning Kreml e’lon qilgan nutqidan va RBKning mazkur materialidan qisman foydalanildi.

Rossiya iqtisodiyoti haqida

Prezident Vladimir Putin “to‘g‘ridan-to‘g‘ri liniya”ni iqtisodiyotdan boshlab, uni “asosiy asos” deb atadi. “U bilan Rossiyada vaziyat normal”, — dedi Putin.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi 3,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 3,9 foizni, balki 4 foizni tashkil etishi mumkin. Ikki yil ichida o‘sish taxminan 8 foizni tashkil etdi, deb ta’kidladi u, shu bilan birga, AQShda bu ko‘rsatkich 5−6 foizga teng, Yevrozonada — 1 foizga, Germaniyada — 0 foizga teng va, aftidan, 2025-yilda ham 0 foiz bo‘ladi.

Shuningdek, xavotirli signallar bor, bu — inflyatsiya, deya davom etdi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, MB rahbari Elvira Nabiullina bu 9,2−9,3% ni tashkil etishini ma’lum qilgan. Biroq ish haqi “inflyatsiyani hisobga olmaganda, real hisobda” 9 foizga oshdi, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Hukumat iqtisodiyotni qizdirish muammosini hal qilmoqda, 2025-yilda YAIM o‘sishi 2−2,5 foizni tashkil etadi, dedi Putin. “Umuman olganda, vaziyat barqaror va ishonchli”, — dedi u.

“Harbiy operatsiya” va Kursk viloyati to‘g‘risida

“Harakat butun front chizig‘i bo‘ylab har kuni davom etmoqda. Jangchilarimiz hududni kvadrat kilometrlab qaytarmoqda”, — dedi u. Prezident barcha jangchilarga, shu jumladan, Kursk viloyatidagi jangchilarga “g‘alaba, omad va uyga omon qaytishni” tiladi.

U “hamma narsa: yo‘l tarmog‘i ham, kommunal infratuzilma ham, ijtimoiy obyektlar ham, uy-joylar ham, albatta, tiklanadi”, — deb va’da berdi. Uy-joylarni tiklash uchun sertifikatlar ham beriladi. “Kim ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lsa — boshqa hududlarga ko‘chib o‘tishbga yordam beramiz”.

Prezident Kursk viloyatida jang qilayotgan jangchilar harbiy operatsiya ishtirokchisi sifatida maosh olmayotganini kamchilik deb atadi. “Bu men uchun kutilmagan ma’lumot. Gap nima haqda borayotganini tushunaman. Frontning boshqa uchastkalarida jang qilgan jangchilarimiz, harbiy xizmatchilarimiz jangovar harakatlar qatnashchisidir. Agar ular Kursk viloyatiga ko‘chirilgan bo‘lsa, ularning barchasi [to‘lovlarni] olishi kerak”, — dedi Putin.

“Oreshnik” haqida

Prezidentdan “Oreshnik” quroli haqida ham so‘rashdi.

“Bu zamonaviy, juda yangi qurol. Har qanday sohada qilinayotgan hamma ish avvalgi ishlanmalarga tayanadi. Ha, ishlanmalar bo‘lgan… Shu asosda muhandislar yana nima qilish haqida o‘ylashdi, buyurtmachi, Mudofaa vazirligi bilan kelishib oldik va men uni ishlab chiqarish yoki chiqarmaslik haqida qaror qabul qildim”, — dedi Putin.

“Bu raketalarni urib tushirish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q. Agar siz aytgan G‘arb ekspertlari shunday deb o‘ylayotgan bo‘lsalar, ular bizga hamda G‘arb va AQShdagi tahlillari uchun pul to‘layotganlarga qandaydir texnologik eksperiment o‘tkazishni taklif qilishsin, aytaylik, XXI asrning yuqori texnologik dueli. Ular, aytaylik, Kiyevda mag‘lubiyatga uchraydigan biror obyektni aniqlasin, u yerga o‘zlarining barcha havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa kuchlarini jamlasin, biz esa u yerga „Oreshnik“ bilan zarba beramiz va nima bo‘lishini ko‘ramiz. Biz bunday tajribaga tayyormiz. Ikkinchi tomon tayyormi? Biz har qanday holatda ham buni istisno qilmaymiz. Qiziqarli. O‘ylaymanki, bu biz uchun ham, Amerika tomoni uchun ham foydali bo‘ladi”, — dedi Putin.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putin G‘arbga Kiyevdagi nishonni tanlashni taklif qilgandan so‘ng Rossiya hukumatini “palid” deb atadi. “Siz uni adekvat odam deb hisoblaysizmi? Shunchaki palid”, — dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina 20 dan ortiq atom energiyasini taqsimlash stansiyalarini Rossiya o‘qlaridan himoya qilish uchun yana 19 ta havo hujumidan mudofaa tizimiga muhtoj. Shaharlarni himoya qilish uchun qo‘shimcha ravishda Amerikaning Patriot komplekslari ham kerak, dedi u.

Tramp va “zaiflashgan Rossiya” haqida

Amerikaning NBC telekanali jurnalisti Putinga bir nechta savol berdi. Xususan, u Rossiyaning “zaif pozitsiyada” ekanini, chunki Ukrainada ko‘plab rossiyaliklar halok bo‘lganini, general Igor Kirillovga suiqasd uyushtirilganini va Moskvani qo‘llab-quvvatlagan Suriya Bashar Asad hukumati qulaganini aytdi. “Tramp bilan uchrashganingizda kuchsizroq yetakchi bo‘lasiz”, — dedi jurnalist. U muzokaralar olib borilsa, Rossiya nima taklif qilishi mumkinligini so‘radi.

“Qachon uchrashamiz, bilmayman. Men u bilan to‘rt yildan ortiq gaplashmadim. Men bunga tayyorman, uchrashuvga ham tayyor bo‘laman. Rossiyaning qandaydir zaif holatda ekani haqidagi masalaga kelsak: hurmatli hamkasb, siz va sizga pul to‘layotgan odamlar Rossiya zaif ahvolda bo‘lishini juda xohlayotganingiz aniq. Rossiya so‘nggi ikki yil ichida ancha kuchliroq bo‘lib qoldi. Biz chinakam suveren davlatga aylanmoqdamiz. Iqtisodiyotning rivojlanish sur’atlari haqida aytib o‘tgan edim. Mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlaymiz. Xuddi shu narsa mudofaa sanoatiga ham taalluqlidir: biz uni o‘stirmoqdamiz. Biz ishonch bilan, tez sur’atlarda harakat qilmoqdamiz, raqiblar haqida esa bunday deb bo‘lmaydi”, — dedi Putin.

Prezidentdan, shuningdek, Rossiya muzokaralarda murosaga borishga tayyormi va Ukrainaga yon berish sifatida nima taklif qilishga tayyor, deb so‘raldi.

“Siyosat — murosa san’atidir. Biz har doim muzokaralar va murosaga tayyormiz. Qarama-qarshi tomon muzokaralardan bosh tortdi. Muzokaralar natijasi esa doimo murosadir. Axir biz 2022-yil oxirida Istanbulda kelishuvga erishdik. Yuz marta takrorlayman: Ukraina tomoni ushbu hujjatni parafirladi, demak, bunga rozi bo‘ldi. Keyin nima uchundir rad etdi. Nima uchun — tushunarli. Chunki sizning ittifoqchingiz, juda yaxshi soch turmakli janob [Boris] Jonson keldi, oxirgi ukrainalikkacha jang qilishimiz kerak, dedi. Mana, ular jang qilishyapti. Urushmoqchi bo‘lgan bu ukrainlar tez orada tugaydi. Menimcha, u yerda tez orada urushishni xohlovchilar qolmaydi”, — deb javob berdi Putin.

General Kirillovning o‘ldirilishi haqida

Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillovning o‘ldirilishi — terakt, dedi Putin.

General-leytenant ko‘pchilikning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda o‘ldirilgan va Kiyev ko‘plab rossiyaliklarga nisbatan bunday terrorchilik jinoyatlarini bir necha bor sodir etgan, dedi u. “Kursk viloyatida ham, hozirda ular tinch aholini otib tashlayotgan paytda, Rossiyaning boshqa hududlarida ham jurnalistlar o‘ldirilgan”, — dedi prezident. Eslatib o‘tamiz, rossiyalik generalni o‘ldirganlikda O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjon Qurbonov gumonlanib hibsga olingan.

Suriya, Asad va Rossiya bazalari haqida

“Siz Suriyada bo‘layotgan voqealarni mag‘lubiyat sifatida ko‘rsatmoqchisiz. Biz u yerda terroristik anklav tashkil etilmasligi uchun kelganmiz. Umuman olganda, biz o‘z maqsadimizga erishdik. Asad bilan jang qilgan guruhlar ham o‘zgardi. Bir qator davlatlar va AQSh hozir ular bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni xohlayotgani bejiz emas. Agar ular terrorchi bo‘lsa, nega aralashib yuribsiz?” — deb so‘radi Putin amerikalik jurnalistdan.

Rossiya qurolli kuchlariga kelsak, Rossiyaning Suriyada quruqlikdagi qo‘shinlari yo‘q edi, u yerda faqat ikkita harbiy baza — havo va dengiz harbiy bazalari bo‘lgan. “Quruqlikdagi qism Suriya qurolli kuchlari va Eronparast deb ataladigan ba’zi harbiy qo‘shilmalardan iborat edi”, — dedi Putin.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirishga umid qilmoqda. “Biz u yerdagi vaziyatni nazorat qilayotgan barcha guruhlar, mintaqaning barcha davlatlari bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Ularning aksariyati bizga Suriyadagi harbiy bazalarimiz qolishidan manfaatdor ekanini bildirmoqda”, — dedi Putin.

Rossiya prezidenti, shuningdek, Asad bilan Moskvaga kelganidan keyin hali uchrashmaganini, lekin buni amalga oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Kiyev bilan muzokaralar o‘tkazish shartlari to‘g‘risida

“Bizda oldindan shartlar yo‘q, biz oldindan shartlarsiz, lekin Istanbulda kelishib olganimiz asosida, bugungi kunda yuz berayotgan voqelikdan kelib chiqib, muloqot olib borishga tayyormiz. Bu tezislar mening iyun oyidagi nutqimda bayon qilingan edi”, — dedi Putin.

Erdog‘on, kurdlar va Isroilning mintaqadagi ta’siri haqida

“Biz prezident Erdog‘on bilan doimiy aloqadamiz. Albatta, mintaqadagi vaziyatni muhokama qildik. Erdog‘on va Turkiyaning mintaqadagi voqealarga munosabati va bizning pozitsiyamiz yaxshi ma’lum. Bizning fikrimizcha, Falastin muammosini faqat uning sababini bartaraf etish orqali hal qilish mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti rejasiga muvofiq ikkita davlat tuzish”, — dedi Anqara bilan aloqalar haqidagi savolga javob berar ekan.

Turkiyaning maqsadlari haqida esa: “Turkiya Suriyaga nisbatan janubiy chegaralarda xavfsizlikni ta’minlash, Suriyaning nazorat ostidagi hududlaridan qochqinlarning qaytishi uchun sharoit yaratish, kurd qo‘shinlarini chegaradan uzoqlashtirish uchun barcha choralarni ko‘radi”, — deb javob qaytardi.

Putin Turkiyaning Kurdiston Ishchi partiyasi bilan muammosi uzoq vaqtdan beri davom etayotganini ta’kidladi. “Umid qilamanki, hech qanday keskinlik bo‘lmaydi, lekin Yevropaning ba’zi siyosiy arboblari menga yaqindagina uchrashuvlarda Birinchi jahon urushidan keyin kurdlarga o‘z davlatini va’da qilishgani, ularni aldashgani va hokazolar haqida gapirishdi”, — dedi u.

Prezident mintaqada bu xalqning millionlab vakillari istiqomat qilishini eslatdi. “Bu jiddiy muammo. Bular jiddiy yigitlar, jiddiy jangchilar. Kurd muammosini hal qilish kerak. Suriya doirasida prezident Asad buni hal qilishi kerak edi, endi Suriya hududini nazorat qiluvchi hukumatlar bilan hal qilish kerak va Turkiya o‘z xavfsizligini ta’minlashi lozim”, — dedi Putin.

“Isroil Eron va Livanda xalqaro huquqni buzmoqda. Suriyani bosib olmoqda va uning suverenitetini buzmoqda. Isroil G‘azo sektorida qanday maqsadni ko‘zlayotganini bilmayman, lekin bu faqat qoralashga sabab bo‘ladi”, — dedi Putin.

Rossiya prezidenti Isroilni Suriyadagi voqealarning “asosiy benefitsiari” deb hisoblaydi. “Isroil Golan tepaliklarida 20 km gacha siljib bordi, Suriya uchun Sovet Ittifoqi davrida qurilgan istehkomlarga kirib bordi. Umid qilamizki, Isroil qachonlardir Suriya hududini tark etadi, ammo hozir u Suriyaga qo‘shimcha qo‘shin yubormoqda. Shunday taassurot borki, ular nafaqat ketmoqchi emas, balki kuchliroq bo‘lmoqchi”, — dedi Putin.

Uch yillik “harbiy operatsiya”dan keyingi o‘zgarishlar haqida

“Urushning uch yili o‘tdi, hammamiz juda o‘zgarib ketdik, urush hammamizni o‘zgartirdi. Sizda nima o‘zgardi, nimanidir tushundingizmi?” — deb so‘radi Putindan jurnalistlar.

So‘nggi yillardagi o‘zgarishlarga kelsak, prezident “barchamiz o‘zgarib boryapmiz, har kuni, har soatda o‘zgarib boryapmiz”, deb ta’kidladi. “Ammo bu uch yil, albatta, barchamiz uchun, butun mamlakat uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Kamroq hazillashdim va kulishni deyarli to‘xtatdim. Men asosiy savollarni izlash va ularni hal qilishga e’tibor qaratish ko‘nikmalarimni takomillashtirishni boshladim”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Prezidentdan, shuningdek, agar ortga qaytish imkoniyati bo‘lganda, 2022-yil fevraldagi qaroringizni o‘zgartirarmidingiz, deb so‘raldi.

“Bilasizmi, agar hozir nima bo‘layotganini bilgan holda vaziyatga qarash mumkin bo‘lsa, men nimalarni o‘ylagan bo‘lardim? Qabul qilingan qarorni oldinroq qabul qilish kerak edi. Uni bilgan holda, maxsus harbiy operatsiyaga tayyorlanish kerak edi. 2022-yilgi voqealar ularga katta tayyorgarliksiz boshlandi. Vaziyat yomonlashishini kutib turishning iloji yo‘q edi. Ukraina rasmiylari Minsk kelishuvlarini bajarmasligini va ommaviy qirg‘in qurollariga da’volarini e’lon qildi. Biz bu hududlarni harbiy jihatdan o‘zlashtirish boshlanib, Rossiya bilan bog‘liq barcha narsalar yo‘q qilinganini ko‘rdik. Bizni shunday qilishga majbur qilishdi. Agar oldindan bilganimizda, jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerak bo‘lardi”, — deya javob berdi Putin.