Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqiladi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi, deya xabar bermoqda hokimlik.

17-dekabr kuni Farg‘ona shahri markazidagi Petrolium avtomobillarga propan va benzin quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Holat 5 metr kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqqani, oqibatda gaz moddasi tashqariga sizib chiqqani ortidan ro‘y bergan.

Hokimlikning qayd etishicha, shunday baxtsiz va noxush hodisalarning oldini olish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruhi tuzildi. Unga “O‘zdavneftgazinspeksiya” hududiy bo‘limi, viloyat FVB, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filali kabi mas’ul tashkilotlar xodimlari biriktiriladi.

Mazkur ishchi guruhi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGKS) va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari (AYQSH)ning sanoat, yong‘in, ekologik xavfsizligi talablariga muvofiqligi, yoqilg‘i saqlash rezervuar (sig‘im)larning holati va qonunchilikdagi boshqa me’yorlarni o‘rganadi.

O‘rganishlar chog‘ida ularning moliyaviy ishlariga aralashilmaydi hamda shoxobchalar odatdagi ish tartibi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.

Viloyat hududida faoliyat yuritayotgan, tashkiliy huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish, siqilgan va suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida ishlovchi ishchi-xodimlarni FVB qoshidagi o‘quv markazida dastur asosida shartli ravishda o‘qitilishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, IIB xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida vafot etganlar soni 4 kishiga yetgan. FVBga ko‘ra, to‘rt kishi jarohatlangan va yana sakkiz kishi tibbiy nazorat ostiga olingan.

Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 5 kishi protsessual tartibda qamoqqa olingan, 2 nafar shaxsni ushlash choralari ko‘rilmoqda.