O‘zbekistondagi eng yirik gaz qazib oluvchi kompaniya hisoblangan “O‘zbekneftgaz” 2025-yilda 26,5 mlrd metr kub tabiiy gaz qazib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 19-dekabr kuni prezidentga keyingi yil uchun rejalarini taqdim etgan “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodirjon Sidiqovga tayanib, “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi. “Gazeta.uz” bunga e’tibor qaratdi.

E’lon qilingan hajm 2024-yilgi prognozdan 2,8 mlrd kub metrga (29,3 mrld), 2022-yildagi qazib olish hajmidan (32,2 mlrd) 5,7 mlrd kub metrga kam.

баҳодиржон сидиқов, gaz, узбекнефтgaz

Qazib olish hajmini 26,5 mlrd kub metrga “yetkazish” uchun (telekanal taqdim etgan slaydda yozilgani kabi) yangi quduqlarni burg‘ilash va eskilarini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Prezident bilan uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” transformatsiyasi davom ettirilishi, asosiy vazifalardan biri esa tannarxni 8 foizga qisqartirish va xalqaro kredit reytingini yaxshilash bo‘lishi ta’kidlandi.

2025-yilda “O‘zbekneftgaz” ishlab chiqarish loyihalari va geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun 2 mlrd dollarlik xorijiy kreditlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Joriy yilgi qish mavsumida O‘zbekiston iste’molchilariga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston 24” telekanali o‘z syujetida gaz qazib olish hajmi (ko‘rsatkich qaysi davr bilan solishtirilgani aytilmagan) ko‘payib, kuniga 76 mln kub metrgacha yetkazilgani haqida xabar berdi, shuningdek, aholi va iqtisodiyot talabiga mos ravishda energiya yetkazib berilayotgani aytildi.

Statistika agentligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish hajmi oktabr oyida 3,6 mlrd kub metrgacha kamaygan, bu 2023-yil oktabr oyiga (3,79 mlrd) nisbatan 5 foizga (189,7 mln kub metrga) va 2022-yil sentabr oyiga (4,23 mlrd) nisbatan 14,8 foizga kam.

Yanvar-oktabr oralig‘ida qazib olish hajmi 37,1 mlrd kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,87 mlrd kub metrga kam. 2019-yilning shu davriga nisbatan (50,1 mlrd) pasayish 13 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu aholining yillik gaz iste’moli hajmidan (2022-yil uchun) ko‘proq.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonga gaz importi qiymati 1,36 mlrd dollarga yetdi, bu 2023-yilning dastlabki 10 oyidagi ko‘rsatkichdan 2,4 barobar ko‘p. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirish rejalari haqida ma’lum qilgandi.

Bu davrda O‘zbekistondan gaz eksporti 540,4 mln dollarga (+17,9 foiz) oshdi. Hukumat avvalroq 2025-yildan boshlab gaz eksportini to‘xtatish rejalari borligi haqida e’lon qilgandi.

“O‘zbekneftgaz” tuzilmasida gaz qazib olish hajmining qisqarishi

“O‘zbekneftgaz” konlari va qo‘shma loyihalarida gaz qazib olish hajmi yildan-yilga kamayib bormoqda.

2022-yilda kompaniyaning qazib olish hajmi bo‘yicha prognozi 34 mlrd kub metrni, amalda qazib olish hajmi esa 32,2 mlrd kub metrni tashkil etdi.

“O‘zbekneftgaz” 2023-yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 34,1 mlrddan 32,3 mlrd kub metrgacha tushirgandi.

Davlat dasturiga ko‘ra, 2024-yilda reja 29,3 mlrd kub metr gaz qazib olish bo‘lgan. Ushbu maqsadga erishish uchun javobgarlar safida “O‘zbekneftgaz”dan tashqari Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) xususiy kompaniyasi, xususiy neft-gaz kompaniyalari va “O‘zbekneftgaz” bilan mahsulot taqsimoti bo‘yicha bitim asosida ishlovchi boshqa xorijiy korxonalar (“Lukoyl”, “Gazprom”, Gas Project Development Central Asia AG) ko‘rsatilgandi.

баҳодиржон сидиқов, gaz, узбекнефтgaz


“O‘zbekneftgaz” raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov 2022-yilning noyabrida 2026-yilgacha qazib olish hajmi prognozini e’lon qilgandi. Taqdim etilgan grafikka ko‘ra, hozirgi konlarda tabiiy qazib olish hajmi pasayishda davom etadi. Chunki 2024-yilda qazib olish hajmini 34,1 mlrd kub metr darajasida ushlab turish uchun geologiya-qidiruv ishlari orqali 4,6 mlrd kub metr gaz o‘rnini qoplash kerak bo‘ladi, 2025-yilda esa 7,1 mlrd kub metr, 2026-yilda 9,6 mlrd kub metr qo‘shimcha hajm kerak bo‘ladi.

2023-yil yakuniga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 2 baravardan ko‘proqqa — 611,6 mlrd so‘mgacha qisqardi, so‘nggi uch yilda esa ko‘rsatkich 5 baravarga kamaydi. “Gazeta.uz” avvalroq “O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun yuzlab mln dollar sarmoya kiritayotgani, lekin qazib olish hajmi tushib borayotgani haqida yozgandi.