Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni investitsiya bo‘yicha 2024-yildagi natijalar sarhisobi va 2025-yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu investitsiya masalalari bo‘yicha so‘nggi oydagi ikkinchi uchrashuvdir. Noyabr oyi oxirida xorijiy investitsiyalarni jalb etishning joriy holati va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar ham “tanqidiy ruhda” muhokama qilingandi.
Qayd etilishicha, 2017-yildan buyon O‘zbekiston iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 188 mlrd dollar investitsiya kiritilgan. Shundan 87 mlrd dollari chetdan jalb qilingan. Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshib, barqaror iqtisodiy o‘sishga zamin bo‘lyapti, deyiladi xabarda.
2024-yilda iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 mlrd dollardan oshgan. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qo‘shimcha 70 trln so‘mlik qiymat beradigan 560 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilgan. Kelasi yildan eksportni yana 1 mlrd dollarga oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 2025-yilgi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.
Kelgusi yil 43 mlrd dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali 300 dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import o‘rnini bosuvchi 662 ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Davlat rahbari buning uchun xorijiy investorlar bilan manzilli ishlab, yanada qulayliklar yaratish, erishilgan barcha kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Bugungi kunda 1890 ta loyiha bo‘yicha ish ketmoqda. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun mas’ullar belgilandi.
Yig‘ilishda tashqi savdo masalalariga ham e’tibor qaratildi.
“Jahonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Eksport-logistika zanjirlari qiyinlashayapti, O‘zbekistonning asosiy eksport bozorlarida tayyor mahsulot olish kamayyapti. Bunday sharoitda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini oshirish zarurligi ta’kidlandi. 2030-yilgacha mamlakatning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib, 45 mlrd dollarga olib chiqish maqsadi belgilangan”, — deyiladi bayonotda.
“Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirish, eksport geografiyasini kengaytirish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
ISSV rahbari Laziz Qudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 2025-yilda 1888 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilganini aytdi.
“Biz har bir soha bo‘yicha individual yondashuvni tashkil qildik. Asosiy urg‘uni importni qisqartirish va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratyapmiz. Har yili dunyoda investitsiyalar uchun kurash kuchaymoqda. Birgina global investitsiya hajmining 14 foizga pasayishi bu kurashni kuchaytiradi. Bunday sharoitda yangicha ishlash zarurligi ta’kidlandi”, — dedi u.