Malayziya hukumati 10 yil oldin sirli tarzda yo‘qolgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH370 reysi qoldiqlarini qidirishni davom ettirishga qaror qildi, deb xabar berdi Reuters mamlakat transport vaziri Entoni Louk bayonotiga tayanib.
“Umid qilamizki, bu safar qidiruvlar ijobiy bo‘ladi, parchalar topiladi va oilalarga tasalli beradi”, — dedi Louk.
Qidiruv ishlarini olib borish taklifi Amerikaning dengiz tubi tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi Ocean Infinity kompaniyasidan kelib tushdi. Kompaniya 2018-yilda laynerni qidirib ko‘rgan, ammo ikkala urinish ham muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.
Ocean Infinity bilan shartnoma 18 oy muddatga tuziladi. Agar topilgan parchalari ahamiyatli bo‘lsa, kompaniya 70 million dollar oladi. Agar samolyot parchalari topilmasa, Malayziya hukumati tashkilot xizmatlariga pul to‘lamaydi.
Qidiruv ishlari Hind okeanining janubiy qismidagi 15 ming kvadrat kilometrga yaqin maydonda olib boriladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Malayziya hukumati Ocean Infinity kompaniyasining yangi ma’lumotlarini ishonchli deb hisoblaydi va kompaniyaning o‘zi parchalarni topish imkoniyatiga ishonadi.
MH370 reysi haqida
Kuala-Lumpur — Pekin yo‘nalishi bo‘yicha MH370 reysini amalga oshirayotgan Boeing 777 samolyoti 2014-yil 8-mart kuni radardan yo‘qolgan. Uning bortida 12 ekipaj a’zosi va 227 yo‘lovchi, jumladan, 150 Xitoy, 50 Malayziya, shuningdek, Fransiya, Avstraliya, Indoneziya, Hindiston, AQSh, Ukraina, Kanada va boshqa davlatlar fuqarolari bo‘lgan.
Oxirgi marta samolyot Malayziya poytaxtidan uchganidan taxminan 40 daqiqa o‘tib aloqaga chiqqan. Samolyot Vetnam havo hududiga kirganda transponder o‘chirilgan.
Harbiy radar samolyot Malayziyaning shimoliy qismi va Andaman dengizi ustidan uchib o‘tib, janubga burilib, g‘oyib bo‘lganini qayd etgan.
2018-yilda e’lon qilingan MH370`ning yo‘qolishi to‘g‘risidagi hisobotda aytilishicha, Boeing 777 boshqaruvini yo‘nalishdan adashtirish uchun ataylab o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin, ammo tergovchilar bunga kim javobgarligini aniqlay olmagan. Tekshiruv davomida kapitan va ikkinchi uchuvchining o‘tmishi, moliyaviy ishlari, tayyorgarligi va ruhiy salomatligida shubhali holatlar aniqlanmagan.