Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning 2024-yil yakunlari va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Mehmonxonalar
Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 6,5 trillion so‘m sarmoya kiritilib, 24 ming o‘rinli mehmonxonalar qurildi. Kelgusi yilda o‘rinlar soni 30 mingtaga, investitsiyalar esa 10 trillion so‘mga ko‘payishi kerak.
Joriy yilda 17 ta yirik savdo va sayyohlik markazlari ochilgan bo‘lsa, kelgusi yilda yana 25 ta shunday majmua paydo bo‘ladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi mashhur brendlarning mehmonxonalari (jami 23 ta brend) ochiladi.
Eksport va infratuzilma
Savdoni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus kompaniya tashkil etilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar ajratildi. Natijada tadbirkorlar har 1 dollar sarmoya evaziga 6 dollarlik mahsulot eksport qildi. Keyingi yil uchun yana 300 million dollar ajratiladi.
Tadbirkorlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun joriy yilda 11,5 trillion so‘mga 3 ming davlat obyekti va 4 ming gektar yer maydoni sotib oldi. 2025-yilda ularga yana 4500 ta bino va 6 ming gektar yer taklif etiladi.
Uzoq vaqt davomida davlat monopoliyasida bo‘lgan avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha ishlar kengaytiriladi. Joriy yilda 260 kilometr yo‘lni ta’mirlash ishlari tadbirkorlarga topshirilgan bo‘lsa, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 3 ming kilometrga yetkaziladi.
“Tashabbusli budjet” dasturi doirasida yo‘llarni ta’mirlash ishlarining 92 foizi xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 100 foizgacha oshiriladi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda 841 kilometr yo‘l quriladi, barcha ishlar mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Soliqlar
Prezident hududda eng qulay va jozibador ishbilarmonlik muhitini saqlash maqsadida barqaror soliq siyosati davom ettirilishini (2025-yilda kutilayotgan o‘zgarishlar) ta’kidladi.
Xususan, “hayot uchuye muhim xarajatlar"ni moliyalashtirish uchun budjet daromadlarini ta’minlash zarurligiga qaramay, asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.
1-yanvardan boshlab yer va davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10%) bekor qilinadi (uni 2023-yilda bekor qilish rejalashtirilgan edi).
Aholi punktlari hududidagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan yer solig‘ini ikki baravar stavkada undirish tartibi ham bekor qilinadi. Bundan tashqari, nashriyotlar 5 yil davomida daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, IT-parklar rezidentlari uchun barcha turdagi soliqlardan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytirildi.
Xususiy maktablar, bolalar bog‘chalari, shuningdek, xorijlik o‘qituvchilar va mutaxassislarga beriladigan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladi.
Chegaralarni ochish
Joriy yilda Andijon shahridagi 13 yildan beri yopiq bo‘lgan “Xonobod”, “Mingtepa” va “Qorasuv” chegara bojxona postlari hamda 8 yildan buyon ishlamay kelayotgan “Uchqo‘rg‘on” nazorat-o‘tkazish punkti qayta tiklandi. Bu aholi va tadbirkorlar uchun yo‘lni 100 kilometrga qisqartirish imkonini berdi.
Umuman olganda, so‘nggi 11 oy ichida chegaradan o‘tgan avtomobillar soni 400 mingtaga ko‘payib, 3 millionga yetdi.
Kelgusi yilda “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara punktlarida qo‘shimcha yo‘laklar qurilib, ularning o‘tkazish qobiliyati 5 barobar oshiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish
Murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti 6,3 foizga o‘sib, 111 milliard dollarga yetdi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalariga 38 milliard dollarlik investitsiyalar jalb etildi, eksport hajmi esa 26 milliard dollardan oshdi.
Ochiq muloqotda ko‘plab tadbirkorlar ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi. Qisqa muddatda tadbirkorlar 387 ming nafar kam ta’minlangan oila a’zosi, 40 ming nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroning daromadli bo‘lishiga ko‘maklashdi, dedi davlat rahbari.
Unga ko‘ra, yil oxirigacha mamlakatda kambag‘allik darajasi 9 foizga tushadi.
“Aminmanki, o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligimizni shu sur’atda davom ettirsak, kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichni bemalol 6 foizga tushiramiz. Shu o‘rinda, va’dasini ustidan chiqib, yangi quvvatlar hisobiga minglab ish o‘rni yaratayotgan, zamonaviy texnologiya olib kirib, yangi tashqi bozorlarni zabt etayotgan, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha tadbirkorlarimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, — dedi prezident.
Prezident O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha “yakuniy bosqich"ga o‘tayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JST qoidalariga zid bo‘lgan imtiyozlar bekor qilinayotganiga qaramay, davlat tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va adolatli raqobat muhitida ishlash uchun barcha sharoitlarni yaratadi.