Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasi 10 mlrd dollarga baholanmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, majmua qurilishini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

16-dekabr kuni ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov ushbu loyihani prezidentiga taqdim etgandi. U 500−700 gektar maydonda dam olish maskanlari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, turar joy majmualari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, markazda maktablar, akvapark, istirohat bog‘lari, suv va qishki sport turlari bo‘yicha majmualar ham barpo etilishi reja qilingan.

Oldin taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sayyohlik markazi Chorvoq suv omborining ikkala qirg‘og‘ida joylashadi. Janubiy qism Yusufxona qishlog‘i yaqinidagi burni bo‘ylab joylashadi, shimoliy qismi esa “Yakkatut” va “Boladala” aholi punktlari o‘rtasidagi hududga to‘g‘ri keladi, deya qayd etgandi Spot.

Sea Breeze Uzbekistan`ning ikki tomonini suv ombori ustidan o‘tuvchi kamida 1 kilometrli ko‘prik bog‘laydi. Shuningdek, hududga yong‘oqzor ham kiritilgan bo‘lib, kadrlarda ushbu yerda villalar joylashtirilishi rejalashtirilgani ko‘rinadi.

Chorvoq suv ombori bo‘ylab, “Chorvoq oromgoh” (“Piramidalar”) zonasidan biroz yuqorida, 18 ta teshikdan iborat golf maydoni qurilishi rejalashtirilgan.

“Davlat rahbari Ozarbayjondagi Sea Breeze loyihasi muvaffaqiyatli ishlayotganidan xabardorligini bildirdi. Bu loyihani ishga tushirishda bizda tajriba bor”, — dedi tadbirkor.

Sea Breeze — 2006-yilda Emin Agalarov tomonidan tashkil qilingan, 500 gektar maydonda joylashgan premium dengiz bo‘yidagi kurort va qirg‘oq majmuasi. Dam olish maskani Kaspiy dengizi sohilida, Boku markazidan yarim soatlik masofada joylashgan.

Emin Agalarov rossiyalik tadbirkor Araz Agalarovning o‘g‘li va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi. 2006-yilning 30-aprelida u prezidentning to‘ng‘ich qizi Leyla Aliyevaga uylangan va 2015-yilda ajrashgan. U musiqa olamida Emin taxallusi bilan ham tanilgan.

Avgust oyi oxirida Agalarov Development kompaniyasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida turar joy majmuasi va mehmonxona qurilishi boshlanganini ma’lum qilgandi. Loyiha qiymati 133 mln dollarga baholanmoqda.