Asrorjon Askarov “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati xabar berdi.

U 2019-yildan beri kompaniya boshqaruvi raisining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Askarov Asrorjon Akramovich 1978-yil 3-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli.

Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi: moliya, bank ishi, bozor iqtisodiyoti asoslari va tamoyillari.

U, shuningdek, “O‘zbekenergo” raisi maslahatchisi, “Energosotish” kompaniyasi filiali direktori maslahatchisi lavozimlarida ham ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 19-dekabr kungi farmoni bilan shu paytgacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari sifatida ishlagan Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mustafoyev 2010−2016-yillarda Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari, Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari, 2017−2019-yillarda “O‘zbekenergo” raisi, 2019-yildan hozirgacha “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi raisi bo‘lib ishlab kelgan.