Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni faol tadbirkorlar bilan uchrashdi. Videoselektor yig‘ilishida sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yil yakunlari va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi axborot texnologiyalari va moliyaviy xizmat sohalaridan chiqqan. Aholining 56 foizi yoshlar. Prezident ta’kidlaganidek, shu raqamlarni o‘zi sohada katta salohiyat, ish o‘rni, yuqori daromad yotganini ko‘rsatadi.
IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati 1 milliard dollardan oshgan TBC Uzbekistan va Uzum xususiy kompaniyalari paydo bo‘lgani bunga yaqqol misol ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi. Xususan, ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, u IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligini ta’kidladi.
Oxirgi 3 yilda Bojxona kodeksining 100 dan ortiq moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin uning qoidalari ham Jahon savdo tashkiloti, ham tadbirkorlarning talabiga mos emas. Shu munosabat bilan har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Prezident avvalroq IT parklar rezidentlari uchun barcha turdagi soliqlardan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytirilishini ma’lum qilgandi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni yakuniy bosqichga o‘tayotganini ham ta’kidlagan.