“Hududgazta’minot” kompaniyasi elektron gaz hisoblash uskunalari bilan bog‘liq muammolarga izoh berdi.
Kurbanoff.net blogi muallifi Shuhrat Qurbonov mahalliy ishlab chiqarilgan gaz hisoblagichlarda bir necha yildan so‘ng (2 yildan 3 yilgacha) batareykalar quvvati tugashi, natijada hisoblagich tizimga ma’lumotlarni uzatishni to‘xtatishi haqida xabar berdi. U batareyalarni almashtirish bilan faqat gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari shug‘ullanishi mumkinligini ta’kidladi.
Agar buni darhol aniqlasangiz va sizga tezda batareya almashtirilsa, yaxshi. Ammo aslida, menga o‘xshab, shunchaki hisobraqamda pul bor-yo‘qligiga qarab, keyin xavotirga tushadigan ko‘pchilik buni tasodifan payqaydi. Tabiiy ravishda, hatto aniqlanganidan keyin ham, hech kim sizga zudlik bilan batareyani almashtirib bermaydi — ariza berib, kutishga to‘g‘ri keladi", — deb yozadi u.
“Bu holatdan jabr ko‘rganlar batareya almashtirilgandan so‘ng ko‘rsatkichlar farqi bir kunda, bir oyda kamayganini payqashdi. Va nima bo‘lishini taxmin qiling — to‘g‘ri, limitdan oshib ketadi. Buni qanchalik kech aniqlasangiz, limit shunchalik ko‘p bo‘ladi. Siz ko‘proq to‘lashingizga to‘g‘ri keladi, chunki ortiqcha iste’mol qiymati limit normasidan yuqori”, — dedi Qurbonov.
Nosozlik sabablari va tavsiyalar
“Hududgazta’minot” kompaniyasining tushuntirishicha, elektron gaz hisoblagichlari batareyka yoki aloqadagi muammolar tufayli ishdan chiqishi mumkin.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mutaxassislar aloqa chiqmaydigan qurilmalar monitoringini olib bormoqda. Monitoring asosida aniqlangan muammolar joylardagi xodimlar tomonidan o‘rganilib, bartaraf etilmoqda.
Shuningdek, iste’molchilarning aloqa uchun ishlatiladigan batareyalar yoki SIM-kartalar bilan bog‘liq murojaatlari tezkorlik bilan hal etilayotgani ta’kidlandi.
“Iste’molchilarga o‘rnatilgan EGHUlar xotirasi doimiy ravishda ko‘rsatkichlarni hamda 3 oylik (90 kunlik) kunlik va soatlik gaz sarfi hajmlarini saqlab borish imkoniga ega. Turli sabablarga ko‘ra EGHUdagi gaz sarfi hajmlari ma’lumotlari o‘z vaqtida iste’molchi shaxsiy hisob-raqamiga yuborish imkoni bo‘lmagan taqdirda, aniqlangan muammolar bartaraf etilganidan so‘ng EGHU xotirasida ma’lumotlar qaysi kunga tegishli bo‘lsa o‘sha kunga yo‘naltiriladi va mazkur davr bo‘yicha hisob-kitob amalga oshiriladi”, — deya tushuntirdi kompaniya.
“Hududgazta’minot” iste’molchilarga vaqti-vaqti bilan elektron gaz hisoblash uskunalari va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirishni tavsiya qildi. Ko‘rsatkichlar haqida Hudud Gaz Taʼminot mobil ilovasi orqali yoki shaxsiy kabinet orqali ma’lumot olish mumkin.
Agar EGHU va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlar farq qilsa yoki hisob-raqamdagi ma o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, darhol 1104 qisqa raqamiga yoki mahalla gazchisiga m qilish so‘ralgan.
Prezidentning 2020-yil sentabrdagi qarori bilan 2021-yil 1-avgustga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatgan holda gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni yakunlash topshirilgandi. Qurilmalarni o‘rnatishni yakunlash muddati bir necha marta kechiktirildi.
Tender natijalariga ko‘ra, hisoblagichlar va boshqa uskunalarni yetkazib beruvchi sifatida “Texnopark” MCHJ tanlangan.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan ta’sis etilgan “Texnopark” 2020-yil boshidan buyon Osten savdo belgisi ostida gaz smart-hisoblagichlarini ishlab chiqarmoqda. “Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil iyuliga qadar 5,28 trillion so‘mlik (Markaziy bankning 2021-yil 1-dekabrdagi kursi bo‘yicha qariyb 507 million AQSh dollari) 3,54 million elektron gaz hisoblagichini yetkazib berish nazarda tutilgan.