Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning Magdeburg shahrida yuz bergan fojia oqibatida insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan prezident Frank-Valter Shtaynmayerga ta’ziya yo‘lladi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabariga ko‘ra, davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez orada shifo topishini tiladi.
20-dekabr kuni Magdeburgdagi Rojdestvo yarmarkasiga tashrif buyuruvchilarni BMW X3 haydovchisi urib yuborishi oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Der Spiegel. Shu bilan birga, Bild tabloidi politsiyaga tayanib, 4 kishi halok bo‘lganini yozdi. Hujumdan so‘ng Saksoniya-Anhalt federal mamlakati hukumati 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi, ya’ni halok bo‘lganlar soni turlicha keltirilmoqda.
Bild ma’lumotlariga ko‘ra, 205 kishi jarohatlangan: 41 kishi og‘ir ahvolda, bundan tashqari, 86 kishi og‘ir, 78 kishi yengil jarohat olgan. Rasmiylar 60 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.
Rojdestvo yarmarkasiga qilingan hujum ishi bo‘yicha 50 yoshli Taleb A. qo‘lga olindi. U Magdeburgdan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Bernburg shahridan bo‘lib, shifokor-psixiatr va psixoterapevt sanaladi. Uning uyida tintuv o‘tkazildi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bosqinchining hech qanday sheriklari bo‘lmagan.
Germaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Taleb A. asli Saudiya Arabistoni fuqarosi, 2006-yildan beri Germaniyada istiqomat qiladi, doimiy yashash guvohnomasiga ega. Magdeburgdagi hujumdan so‘ng Saudiya Arabistoni Germaniyaga hamdardlik bildirdi.