Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasidagi portlash sodir bo‘lgan avtomobillarga propan va benzin quyish shoxobchasi buzilmoqda, deya xabar berdi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.

Qayd etilishicha, zapravka shoxobcha rahbarining o‘z xohish istagiga ko‘ra buzilmoqda va u qayta faoliyat ko‘rsatmaydi.

“Buning asosiy maqsadi aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 17-dekabr kuni Farg‘ona shahri markazidagi Petrolium avtomobillarga propan va benzin quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Holat 5 metr kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqqani, oqibatda gaz moddasi tashqariga sizib chiqqani ortidan ro‘y bergan.

IIB xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida vafot etganlar soni 4 kishiga yetgan. FVBga ko‘ra, to‘rt kishi jarohatlangan va yana sakkiz kishi tibbiy nazorat ostiga olingan.

Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 5 kishi protsessual tartibda qamoqqa olingan, 2 nafar shaxsni ushlash choralari ko‘rilmoqda.

Yoqilg‘i quyish shoxobchasi 2006-yilning avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgan Farg`Ona Layli Naxor xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan. Uning direktori sifatida Mansurjon Xoliqovich Matkarimov, asoschisi esa Azizxo‘ja Usubxo‘jayevich Mavlonov ko‘rsatilgan. Korxonaning asosiy faoliyati noturarjoy binolarini ijaraga berish va boshqarishdir.

Zapravka Yangiyo‘l mahallasidagi turar-joy binolari yonida joylashgan. Uning qanday qilib turar-joy binolariga yaqin joyda faoliyat yuritishi bo‘yicha hozircha rasmiy izoh berilmadi.

Avvalroq viloyat hokimligi portlashdan so‘ng viloyatdagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarini o‘rganib chiqish uchun ishchi guruh tuzilgani haqida xabar bergandi. Ular stansiyalarning sanoat, yong‘in, ekologik xavfsizligi talablariga muvofiqligi va qonunchilikdagi boshqa me’yorlarni o‘rganadi. Zapravkalar xodimlari FVB o‘quv markazida o‘qitiladi.