O‘zbekiston yanvar-noyabr oylari davomida rekord darajada 1,55 mlrd AQSh dollari qiymatida gaz import qildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha hisobotida so‘z boradi.

Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 barobar ko‘p bo‘lib, o‘sha paytda gaz importi 562,7 mln dollarni tashkil etgan. Qolaversa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning umumiy gaz importi hajmidan deyarli 2,2 barobar ko‘pdir (694,9 mln dollar).

Yanvar oyida “ko‘k yoqilg‘i” importi 35,6 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida bu ko‘rsatkich 3,7 barobar oshib, 131,1 mln dollarga yetgan. Martda 193,5 mln dollar, aprelda 102,6 mln dollar, mayda 180,4 mln dollar, iyunda 166,3 mln dollar, iyulda 174,2 mln dollar, avgustda 168,3 mln dollar, sentabrda 126,3 mln dollar, oktabrda esa 86,7 mln dollarni tashkil etgan. Statistika agentligi yetkazib berilgan gazning jismoniy hajmlari haqida ma’lumot bermagan.

Noyabr oyida esa import hajmi keskin oshib, 186,8 mln dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning noyabr oyiga (1 mln dollar) nisbatan 187 barobar ko‘pdir.

O‘zbekiston, shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan gaz eksport qilish hajmini ham oshirdi (qiymat jihatidan). Eksport hajmi 540,4 mln dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (458,2 mln dollar) nisbatan 17,9 foiz ko‘proqdir.

Yanvar oyida O‘zbekiston gaz eksporti 21 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida bu ko‘rsatkich 5,7 million dollarga tushgan. Martda 18,7 mln dollar, aprelda 6,9 mln dollar, may oyida 7,6 mln dollar bo‘lgan. Iyunda esa eksport keskin oshib, 181,5 mln dollarga yetgan. Iyul va avgust oylarida 81,7 mln dollardan qayd etilgan, sentabrda 74,7 mln dollar, oktabrda esa 60,9 mln dollarni tashkil etgan.

Noyabr oyida esa gaz eksporti 53 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan (51,2 mln dollar) 3,5 foiz ko‘proqdir. O‘zbekiston asosan Xitoy va Tojikistonga gaz eksport qilmoqda. 2024-yilda Qirg‘izistonga gaz eksporti qayd etilmagan.

Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning boshidan buyon Xitoy O‘zbekiston gazini 667,4 mln dollar qiymatida import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi (470,3 mln dollar) ko‘rsatkichdan qiymat jihatidan 27,1 foiz ko‘pdir.

Yanvarda Xitoy O‘zbekiston gazini 38,8 mln dollarga import qilgan bo‘lsa, fevralda bu ko‘rsatkich 18,6 mln dollarni tashkil etgan. Aprelda 11,4 mln dollar, mayda 85 mln dollar, iyunda 81,1 mln dollar, iyulda 69,2 mln dollar, avgustda 97,37 mln dollar, sentabrda 97,4 mln dollar va oktabrda 88,9 mln dollarlik gaz import qilingan. Gazning jismoniy hajmlari haqida ma’lumot berilmagan.

Noyabrda Xitoyning O‘zbekiston gazi importi 79,4 mln dollarga yetgan, bu o‘tgan yilning noyabriga (54,6 mln dollar) nisbatan qariyb 1,5 barobar ko‘proqdir.

Bosh vazir Abdulla Aripov 2020-yil yanvar oyida 2025-yilga kelib gaz eksport qilishni to‘xtatish rejasi borligini ma’lum qilgandi. U gazni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish ko‘zda tutilganini ta’kidlagan.

Keyinchalik, 2022-yilda “O‘ztransgaz”ning sobiq rahbari Behzod Normatov O‘zbekiston 2025−2026-yillarga borib gaz eksport qilishni to‘liq to‘xtatishi mumkinligini aytgan. O‘sha vaqtda mamlakatda qazib olinayotgan gazning taxminan 10 foizi Xitoyga eksport qilinayotgan edi.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, eksport qilinadigan gaz hajmi ichki ehtiyojga ishlatilganida GTL zavodi yil davomida uzluksiz va to‘liq quvvatda ishlagan, propan va dizel bo‘yicha umuman muammolar bo‘lmagan, issiqxonalar gazdan uzilmagan va shundan keyin ham bir necha yuz million kub gaz ortib qolgan bo‘lardi.

Yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonda 40,76 mlrd kub metr gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foiz yoki deyarli 2 mlrd kub metrga kamdir. 2019-yilning shu davridagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda (54,3 mlrd kub metr) pasayish 13,5 mlrd kub metrni tashkil etgan. Bu hajm aholi tomonidan yillik iste’mol qilinadigan gaz miqdoridan (2022-yil uchun) oshiqdir.

2023-yilning oktabridan boshlab, O‘zbekiston Rossiyadan gazni Qozog‘iston hududi orqali revers yo‘nalishda import qilishni boshladi. Mamlakatda gaz import hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 mln dollar investitsiya kiritish rejasi e’lon qilingan. Loyiha mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, mavsumiy talabni qoplash uchun qo‘shimcha gaz hajmlarini ta’minlash va yoqilg‘i yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi bildirilgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga kelib mamlakatda gaz qazib olish hajmini 62 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Biroq so‘nggi yillarda gaz qazib olish hajmi kamayib boryapti, va bu holat “O‘zbekneftegaz”ning prognozlariga ham aks etmoqda. Agar Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natijani bermasa, import ko‘rsatilgan yilga kelib 10−11 mlrd kub metrga yetadi, degan edi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.