Albaniya o‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ta’siri haqida qo‘rquv uyg‘otgan voqea — o‘smirning o‘ldirilishi ortidan TikTok ilovasiga bir yillik taqiq e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Maktablarni xavfsizroq qilish bo‘yicha kengroq rejaning bir qismi bo‘lgan taqiq 2025-yil boshida kuchga kiradi, dedi bosh vazir Edi Rama. “Bir yil davomida hamma uchun butunlay yopib qo‘yamiz. Albaniyada TikTok bo‘lmaydi”, — dedi Rama.

U Albaniyaning taqiqni uzaytirish yoki bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin kompaniya va boshqa mamlakatlarning taqiqqa munosabatini kuzatishini aytdi.

TikTok bloklanishiga yaqinda 14 yoshli o‘smirning o‘ldirilishi sabab bo‘ldi — mushtlashuvda uni boshqa maktab o‘quvchisi pichoqladi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, mushtlashuvdan oldin ijtimoiy tarmoqlarda o‘zaro mojaro bo‘lgan va qotillikdan keyin boshqa o‘quvchilar buni ma’qullagan ko‘plab videolar TikTok`da tarqalgan.

TikTok qotillik ishi bilan platformaning bog‘liqligini rad etdi: kompaniya mushtlashuv ishtirokchilarining hech birida TikTok akkaunti yo‘qligini va ularning qotillikdan oldingi og‘zaki janjali boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lganini bildirdi.

So‘nggi paytlarda bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha munozaralar ko‘plab Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Germaniya va Fransiyada olib borilmoqda. Avstraliya hukumati noyabr oyida mamlakatning 16 yoshga to‘lmagan barcha aholisiga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlovchi qonun qabul qildi.

Dekabr oyida Yevropa komissiyasi saylov jarayonlarini manipulyatsiya qilishda gumon qilinib, TikTok`ka qarshi tergov boshladi. Bu Ruminiyada Konstitutsiyaviy sud g‘alaba qozongan o‘ta o‘ng siyosatchi Kelin Jeorjesku foydasiga TikTok`da noqonuniy kampaniya o‘tkazilgani haqidagi razvedka ma’lumotlariga asoslanib, prezidentlik saylovlarining birinchi tur natijalarini bekor qilganidan keyin sodir bo‘ldi.