Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asma Asad ajrashish uchun ariza berdi, deb xabar qildi Turkiyaning Haberturk nashri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Asma Asadga Moskvadagi yashash sharoitlari yoqmagan va u Londonga ketmoqchi. Qayd etilishicha, Asadning rafiqasi Moskvadan chiqish uchun “maxsus ruxsatnoma” so‘ragan.
Asma Asadning Angliyada yashayotgan oilasi bilan qolish niyatini onasi qo‘llab-quvvatlab, Angliyaning yetakchi huquq firmalari bilan muzokaralar boshlagan. Asmaga qon saratoni tashxisi qo‘yilgani va uning sog‘lig‘ini Moskvada yetarlicha nazorat qilib bo‘lmasligi haqidagi iddaolar bu qarorni yanada dolzarb qildi, deya aniqlik kiritdi Haberturk. Shuningdek, 2018-yilda birinchi xonimda ko‘krak saratoni aniqlangan, bir yil o‘tgach, o‘sma olib tashlangandi.
Ammo Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Asadning harakatlanishi cheklangani va rafiqasi u bilan ajrashish rejalari haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Asma Asad Londonda tug‘ilib o‘sgan. Buyuk Britaniyada u Amerikaning JP Morgan bankida ishlagan. U 2000-yilda Bashar Asadga turmushga chiqqan. Asma Asad Suriya fuqaroligidan tashqari Britaniya pasportiga ham ega.
Financial Times nashrining yozishicha, Asma Asad vositachilar orqali Suriya iqtisodiyotining butun sektorlarini — telekommunikatsiya, ko‘chmas mulk, banklar, savdoni nazorat qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti Bashar Asad, uning ukasi Mohir va Asma o‘rtasida bo‘lingan.
Bashar Asad va uning oilasi dekabr oyi boshida mamlakatda hukumatga qarshi guruhlar hokimiyatni egallab olgandan so‘ng Moskvaga qochgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Asadning qochishini Rossiya razvedkasi xodimlari uyushtirgan. 8-dekabr kuni kechqurun Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Bashar Asad oilasi a’zolari bilan Moskvaga kelgani va unga boshpana berilgani haqida xabar berdi. Bu ma’lumotni tez orada Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi.