O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 23-dekabrdagi buyrug‘i bilan gibrid avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlarning pasaytirilishi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

O‘zbekistonda 1-apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravar (34 ming so‘mdan 2,32 mln so‘mgacha), elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshgan. Ichki ishlar vazirligining bu bo‘yicha buyrug‘i to‘lovlar miqdori oshishidan bir kun oldin qabul qilingandi. Shundan so‘ng oddiy avtomobillarni rasmiylashtirish deyarli 5 million so‘mga qimmatlashgan.

May oyida avtomobillar va elektromobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar kamaytirildi va BHMning 10 foizigacha qaytarildi. Shu bilan birga, oshirilgan ro‘yxatga olish to‘lovlari (odatiy avtomobillar uchun BHMning 6,84 baravari va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarishsiz qoldi.

Vazirning yangi buyrug‘i bilan gibrid avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi ham BHMning 1,5 baravarini tashkil etadi. Xuddi shunday stavka moped va skuterlar uchun ham joriy etiladi (ular uchun ro‘yxatdan o‘tish va raqam olish talabi joriy yilning iyul oyida joriy etilgan). Boshqa turdagi avtomobillar uchun joriy stavka 6,84 BHM miqdorida saqlanib qoladi.

Mototsikl, elektromototsikl va tirkamalarga raqam belgilarini berish uchun yig‘im BHMning 1,75 baravaridan 1,5 baravarigacha (562,5 ming so‘m) kamaytiriladi. Yaroqsiz holga kelgan transport o‘rniga ushbu transport turlariga yangi raqam berish, shuningdek, har qanday turdagi buzilgan raqamlarni almashtirish uchun to‘lovlar miqdori ham avvalgi 1,75 BHM o‘rniga 1,5 BHMni tashkil etadi. Xuddi shunday stavkalar moped va skuterlar uchun ham ko‘zda tutilgan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021−2022-yilar davomida xorijdan 50 mingdan ortiq elektromototsikl (2442 ta) va skuterlar (48 359 ta) keltirilgan bo‘lsa, 2023-yilda bunday turdagi transport vositalari 2,5 barobar (127 000 ta) ko‘p import qilingan. “Gazeta.uz” hisob-kitoblariga ko‘ra, skuter va mopedlar uchun raqamlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va berish yiliga 140 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin (hozirgi import va sotish hajmi shu holatda saqlanib qolgan taqdirda).

Bundan tashqari, quyidagi yig‘imlar bekor qilinadi:

  • yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki o‘g‘irlangan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHMning 70 foizi miqdoridagi to‘lov;
  • yo‘qotilgan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHMning 1 baravari miqdoridagi to‘lov;
  • yo‘qotilgan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma dublikatini berish uchun belgilangan to‘lov stavkasining 5 baravari miqdoridagi to‘lov.

Markaziy bank oktabr oyidagi hisobotida yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda avtomobillar narxlarining o‘sish sur’atlari pasaygani kuzatilganini ta’kidlagandi. Bu avtokreditlar bo‘yicha stavkalarning o‘sishi, shuningdek, bunday kreditlar berishning 2,1 baravarga qisqarishi fonida sodir bo‘ldi. Bozordagi faollikning pasayishi avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deya ta’kidladi regulyator.