2025-yilning 24-noyabr-5-dekabr kunlari Samarqand shahrida Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasining 20-yig‘ilishi (COP20) o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Qayd etilishicha, bu haqdagi bitim ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va CITES bosh kotibi Ivonn Iguyero tomonidan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasi doirasida imzolandi.

“Mazkur shartnomaning imzolanishi biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashda hamkorlik muhimligini ta’kidlaydi. Biz xalqaro hamjamiyatni 2025-yilda COP20 doirasida Samarqandda kutib olishdan mamnunmiz, u yerda sayyoramizning boy biologik merosini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtiramiz”, — dedi Aziz Abduhakimov.

O‘z navbatida, Ivonn Iguyero O‘zbekistonning mazkur tadbirni tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.

CITES konvensiyasi 1973-yil 3-martda imzolangan va 1975-yil 1-iyuldan kuchga kirgan. Konvensiyaning maqsadi yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning turlarini asrash va ularning noqonuniy savdosining oldini olishdan iborat. O‘zbekistondan ham ko‘plab turlar tashkilot ro‘yxatiga kiritilgan, mamlakat 1997-yildan buyon konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.

O‘zbekiston CITES`ning 184 tomoni (183 ta davlat va Yevropa Ittifoqi) hamda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va savdo sohasida keng doiradagi manfaatdor tomonlarning yig‘ilishiga mezbonlik qiladigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatdir.

Tadbirda 4000 dan ortiq ishtirokchi va delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir doirasida tomonlar yovvoyi tabiatning xalqaro savdosi barqarorligi, qonuniyligi va kuzatilishi, turlarni saqlash va barqaror resurslarni boshqarish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazishi kutilmoqda.