2024-yilning noyabr oyida O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish hajmi 3,67 mlrd kub metrgacha kamaydi, bu “Gazeta.uz” o‘rgangan prezident huzuridagi Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilgan.

Ko‘rsatkich 2023-yilning noyabriga (3,79 mlrd) nisbatan 3,3 foizga (125,7 mln kub metr), 2022-yilning noyabriga (4,23 mlrd) nisbatan 13,2 foizga kam.

Yanvar-noyabr oylarida qazib olish hajmi 40,76 mlrd kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning 11 oyiga nisbatan 4,7 foizga yoki qariyb 2 mlrd kub metrga kam hisoblanadi. 2019-yilning shu davri bilan (54,3 mlrd) solishtirganda pasayish 13,5 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu aholining yillik gaz iste’molidan ko‘proq hisoblanadi (2022-yil uchun).

Gaz qazib olishning pasayishi bir necha yillardan beri davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasining 70−80 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqariladi.

Statistika agentligi avvalroq elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yirik va kichik korxonalar kesimida e’lon qilishni boshlagandi. 11 oy davomida umumiy ishlab chiqarish hajmi 4,5 foizga (3,19 mlrd) — 70,4 mlrddan 73,6 mlrd kVt/soatgacha oshdi.

Aksariyati gazda ishlaydigan (shuningdek, ko‘mirda ishlaydigan va gidroyelektrostansiyalarda) yirik energiya ta’minoti korxonalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish noyabr oyida 5,73 mlrd kVt/soatgacha qisqardi, bu 2023-yilning noyabriga (6,7 mlrd) nisbatan qariyb 997,1 mln kVt/soatga (-14,5 foizga) kam.

Yanvar-noyabr oylarida ishlab chiqarish 64,6 mlrd kVt/soatgacha kamaygan, bu 2023-yilning 11 oylik ko‘rsatkichidan 7,5 foiz yoki 5,2 mlrd kVt/soatga kam hisoblanadi.

Yo‘qotishlar kichik korxonalarning (shu jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari) elektr energiyasi ishlab chiqarishi hisobiga qoplanmoqda — 9,02 mlrd. Ularning ishlab chiqarishdagi ulushi 12,2 foizgacha oshdi.

Oylik neft qazib olish hajmi 55,6 ming tonnagacha (-8,7 foiz yoki 2023-yil noyabriga nisbatan minus 5300 tonna) kamaydi. Bu 2022-yil fevralidan beri eng past ko‘rsatkich sanaladi.

11 oy davomida neft qazib olish hajmi 657,6 ming tonnagacha (-7,3 foizga yoki 2023-yilning shu davriga nisbatan minus 51,7 ming tonna) pasaydi.

Noyabr oyida 95,7 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yilning noyabriga nisbatan (109,3 ming tonna) 12,4 foizga yoki 5,4 ming tonnaga kam degani. 11 oylik taqqoslashda ham pasayish davom etdi — 1,18 mln tonna (-1,5 foiz, 29,7 ming).

O‘tgan oyda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi keskin pasayib, 53,6 ming tonnagacha (o‘tgan yilning noyabriga nisbatan -37,1 foiz) tushib ketdi. 2023 va 2024-yillar yanvar-noyabr oylari solishtirilganda ham pasayish qayd etilgan (2,3 foiz — 912,4 ming tonnagacha). Dekabr boshida Spot davlat kompaniyasi tomonidan 3,42 mlrd dollarga qurilgan dizel ishlab chiqaruvchi Uzbekistan GTL ta’mirlash uchun yopilgani haqida xabar bergandi. S&P Global Ratings “hozirda texnik xizmat ko‘rsatishda bo‘lib turgan” zavod 2025-yilning birinchi choragi oxirida o‘z faoliyatini davom ettirishini kutmoqda.

Oylik ko‘mir qazib olish hajmida rekord yangilanishdan to‘xtadi, lekin ko‘rsatkich juda yuqori darajada bo‘lib qolmoqda — 984,5 ming tonna (+370,2 ming), bu 2023-yilning noyabr oyidagi hajmdan 1,6 barobar ko‘p hisoblanadi. Yil boshidan buyon ishlab chiqarish hajmi 27,9 foizga oshib, 7,33 mln tonnani tashkil etdi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmini 62 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan (lekin ko‘rsatkich so‘nggi yillarda pasaymoqda, bu eng yirik gaz qazib oluvchi hisoblangan va qazib olish hajmlari pasayishda davom etishini kutayotgan “O‘zbekneftgaz” prognozlarida ham o‘z aksini topmoqda). Agar Ustyurtdagi geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natija bermasa, ko‘rsatilgan yilga borib import hajmi 10−11 mlrd kub metrga etadi, degandi avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.