Raqobat qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi yuzasidan yil boshidan buyon 1700 ga yaqin murojaat kelib tushdi, ko‘rilgan choralar natijasida 20 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu holatlar yuzasidan respublikadagi 129 ta quruvchi korxonalarning shartnomalari tahlil qilingan. Ularda quyidagilar aniqlangan:

  • 80 foiz shartnomada quruvchi korxonalarga qayta hisob-kitob huquq ustuvorligi berilgan bo‘lsa, atigi 20 foizda har ikkala tarafga mazkur huquqlar belgilangan;
  • 58 foiz shartnomada ko‘rsatilgan umumiy maydon qurilishi yakuni bo‘yicha maydonlar orasida tafovut mavjud bo‘lganda qayta hisob-kitob huquqi belgilanmagan;
  • 37 foiz shartnomalarda xonadon ichida amalga oshiriladigan qurilish ishlari to‘g‘risida majburiyatlar kiritilmagan;
  • 18 foiz shartnomalarda quruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida bandlar kiritilmagan;
  • 39 foiz shartnomalarda qurilish obyektining topshirish muddati ko‘rsatilmagan;
  • 51 foiz shartnomalarda qurilish topshirilishining har bir kechikkan kuni uchun quruvchi tomonidan to‘lanadigan penya belgilanmagan;
  • 86 foiz shartnomalarda quruvchi va iste’molchi tomonidan shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan, (shundan, 41 foizida shartnomani har ikkala tomonning manfaatlari ko‘zlangan bo‘lsa, 59 foizida faqatgina quruvchi korxonaning manfaatlari ko‘zda tutilgan) 14 foizida esa shartnomani bekor qilish to‘g‘risida band kiritilmagan.

Bundan tashqari, shartnoma tuzilgandan so‘ng dastlabki to‘lov muddati 30 kundan oshmasligi qayd etilgan bo‘lsa, 74 foiz holatda shartnoma bir tomonlama bekor bo‘lganda xaridorga to‘lovni qaytarish muddati 30−180 kun va ayrimlarida esa 24 oydan 36 oygacha etib belgilangan.

84 foiz shartnomalarda esa xonadon xaridor tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng quruvchi tomonidan unga kafolat muddati belgilanmagan. Ya’ni kafolat muddati davomida xonadonda nuqsonlar aniqlansa, quruvchi tomonidan bartaraf etish majburiyati 82 foiz holatda belgilanmagan.

“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasiga muvofiq iste’molchilar:

  • tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish;
  • tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi;
  • tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi;
  • hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilab berilgan

Qo‘mita iste’molchilardan uy-joy joy sotib olishda quyidagilarga e’tibor berishlarini so‘radi:

  • shartnoma shartlarini batafsil o‘qib chiqing;
  • asosiy jihatlar (qurilish muddatlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, ularning o‘zaro bog‘liqligi, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, muddatlar uchun javobgarlik hisobga olinganini tekshirish);
  • kompaniyaning ish tajribasi va quruvchining ishonchliligiga ishonch hosil qiling (elektron ro‘yxat va qurilishda “Shaffof tizim” mavjudligini ochiq manbalardan tekshirish mumkin);
  • to‘lovlarni faqat bank hisoblagichlari orqali amalga oshiring.