Tadbirkor, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 20-dekabr kuni prezident bilan uchrashuvda kelajakdagi loyihalari haqida gapirdi.
O‘z nutqi avvalida u ayrim tadbirkorlar hali ham o‘z faoliyatining real ko‘rsatkichlarini aytishdan qo‘rqishini ta’kidladi.
“Hurmatli prezident, hozir ko‘p tadbirkorlarimiz “sifra"lar aytdi, siz xursand bo‘ldingiz, 500 million [dollar] dedingiz. Bularda hali ham qo‘rquv bor-da, o‘zi bular 1 milliard “oborot” qiladi hammasi”, — dedi Ortiqxo‘jayev yig‘ilganlar kulgisiga sabab bo‘lib.
Uning fikricha, mamlakatda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli ayrim korxonalar 5−10 barobar o‘sgan.
Ortiqxo‘jayev Toshkentda “yagona ekotizim doirasida” 1200 o‘rinli oltita yangi mehmonxona ochilishini ma’lum qildi. Gap Wyndham, Hyatt Place, Fairfield by Marriott, InterContinental, ibis brendlari ostidagi mehmonxonalar haqida bormoqda.
“Bular 2, 3, 4 yulduz, hurmatli prezident. Shuni ishga tushirishni boshladik, xudo xohlasa. Keyingi yil oxiriga bitiramiz”, — dedi u.
Joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan intervyusida Ortiqxo‘jayev Mirobod tumanidagi Alfraganus savdo zonasida ochiladigan oltita mehmonxona, jumladan, Holiday Inn Express, Wyndham Garden, Hilton Garden Inn kabi mehmonxonalar haqida gapirgandi.
Bu galgi uchrashuvda tadbirkor xorijlik hamkori bilan birgalikda klinika ochish rejalari haqida ham prezidentga ma’lumot berdi. Shu maqsadda AQShda joylashgan dunyodagi eng yirik tibbiyot markazlari — Meyo klinikasi, Klivlend klinikasi, Sedars-Sinay tibbiyot majmuasi bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
“Uchala klinika ham [hamkorlik qilishga] rozi bo‘ldi. Biz bittasi rozi bo‘lsa ham xursand bo‘lamiz, deb turgandik, uchalasi ham rozi bo‘ldi O‘zbekistonga kelib ishlab, shu yerda birgalashib klinika qurishga. Bular nafaqat klinika quradi, universitetga domlalar olib kelib o‘qitishga ham rozi bo‘ldi. Kadrlar almashinuviga ham katta yordam beramiz, dedi ular. Rahbarlari bilan gaplashdik, yaqin kunlarda boshlab yuboramiz loyihasini”, — dedi Toshkentning sobiq hokimi.
Tadbirkorning aytishicha, klinikani Xitoyning yirik kompaniyasi loyihalashtirmoqda, Klivlend klinikasi esa xorijiy hamkor bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu klinika “bizga juda kerak"ligini aytdi.
“Juda ko‘p odamlarimiz chetga borib, Koreyaga, Isroilga, boshqa davlatlarga, Rossiyaga borib, pul tashlab kelyapti. Agar Amerikaning brend, mana shu birinchi o‘rindagi shifoxonalari o‘qitish bilan birga kelsa, men qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi davlat rahbari.
Dekabr oyi boshida Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishidan qo‘rqishga hojat yo‘qligini aytgandi. “JSTga a’zo bo‘lish barcha mahalliy tadbirkorlar himoyasiz ko‘chaga uloqtirilishini anglatmaydi… Biz nafaqat ehtimoliy yo‘qotishlarni, balki nimaga erishishimiz mumkinligini ham ko‘rishimiz kerak”, — degandi u.