Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat kurash milliy sport turini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targ‘ib qilish, shuningdek, kurashni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatni tizimli qo‘llab- quvvatlashni tashkil qilish maqsadida qabul qilingan.
Kurash xalqaro assosiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi taklifi bilan Xalqaro kurash institutiniga qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
- kurash milliy sport turi bo‘yicha xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimini joriy etish;
- kurash milliy sport turi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish;
- kurash milliy sport turining yangi yo‘nalishlarini joriy qilishda ishtirok etish, ularni ommalashtirish choralarini ko‘rish;
- kurash milliy sport turi trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilishni yo‘lga qo‘yish;
- kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish.
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari zimmasiga Kurash xalqaro assosiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish vazifasi yuklandi.
Bunda vakolatxonalarning Kurash xalqaro assosiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish borasidagi hisobotlarini har olti oyda bir marotaba Oliy Majlis Senatida eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Hujjatda belgilanishicha:
- O‘zbekiston kurash federatsiyasiga o‘z moliyaviy holatidan kelib chiqib Xalqaro kurash instituti faoliyatini moliyalashtirib borish uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirib borish huquqi beriladi;
- mahalliy yirik tadbirkorlik subyektlarini Kurash xalqaro assosiatsiyasiga rasmiy homiy sifatida jalb qilib borish yo‘lga qo‘yiladi;
- Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida kurash milliy sport turi bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Xalqaro kurash instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
- a) kurash milliy sport turi bo‘yicha jahon chempionatlarida (kattalar, yoshlar) g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlar uchun belgilangan rag‘batlantirish summalarining yarmi miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirib borish tizimi joriy etiladi;
- b) Xalqaro kurash instituti faoliyatini moliyalashtirish 2026-yildan boshlab Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetidan respublika budjetiga o‘tkaziladi hamda ushbu maqsad uchun har yili 4,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratib boriladi.
Bunda ushbu qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Xalqaro kurash institutiga 2025-yilda Sport vazirligiga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 1,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratiladi.
Tashqi ishlar vazirligi Sport vazirligining viza talabnomalariga binoan, Xalqaro kurash instituti tomonidan o‘quv kurslari va seminarlarga jalb etiladigan chet el mutaxassislariga kirish vizalarini konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirmasdan, zarur hollarda vizalarning Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro ayeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlaydi.