Janubiy Koreya shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi KXDRning Rossiya-Ukraina urushidagi yo‘qotishlari 1100 kishini tashkil etayotganini ma’lum qildi.

ABC News nashrining aniq kiritishicha, Rossiyaning Kursk shahrida bo‘lib o‘tgan janglarda kamida 100 nafar Shimoliy Koreya askari halok bo‘ldi, 1000 dan ortiq askar yaralangan.

Yonhap`ning yozishicha, KXDR, ehtimol, Rossiya armiyasini urushda qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin va harbiy texnika yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Razvedka ma’lumotlarini har tomonlama baholash shuni ko‘rsatadiki, Shimoliy Koreya rotatsiya yoki qo‘shinlarni [Rossiyada] kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Seul ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga zarba beruvchi dronlarni yetkazib berishi mumkin. KXDR hukumati Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etish uchun 10 mingdan 12 minggacha harbiy xizmatchini Rossiyaga yuborgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan oyda Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari Kim Chen In turli hujumkor dronlarni joyida sinovdan o‘tkazganini kuzatgani, qurollarni keng miqyosda ishlab chiqarishga chaqirgani haqida xabar bergandi, deb ta’kidlaydi Yonhap.

Shimoliy Koreya va Rossiyaning harbiy aloqalari

Shimoliy Koreya va Rossiya 2022-yil fevral oyida Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin harbiy aloqalarni mustahkamladi.

2024-yil iyun oyida imzolangan Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi mudofaa shartnomasi kuchga kirgan va ekspertlar Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiyadan ilg‘or texnologiyalar va o‘z qo‘shinlari uchun jangovar tajribani olishni xohlayotganini aytmoqda, deb yozdi CBS News.

Janubiy Koreya va Ukraina o‘tgan oyda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining joylashtirilishi bilan bog‘liq “tahdid”ga javoban xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishlarini e’lon qilgan, biroq Seuldan Kiyevga qurol-yarog‘ jo‘natilishi ehtimoli haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Janubiy Koreyaning vazifasidan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yol noyabr oyida Seul Ukrainaga qurol yetkazib berish imkoniyatini istisno qilmayotganini aytgandi.