AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 572 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi, deyiladi Amerika tashkiloti hisobotida.

Bu 2023-yilning yanvar-sentabr oylaridagi ko‘rsatkichdan 6,5 barobar ko‘p, o‘shanda 88 nafar O‘zbekiston fuqarosi vataniga deportatsiya qilingan. Taqqoslash uchun: 2022-yilning ushbu davrida 55 ta deport qayd etilgan, 2021-yilda — 21, 2020-yilda — 49, 2019-yilda — 45.

Umuman olganda, AQSh 271,5 mingga yaqin chet el fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi, bu o‘tgan yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 1,9 barobar ko‘p. Bu ma’lumotlar AQShning immigratsiya siyosati keskinlashganidan dalolat beradi.

aqsh, deportatsiya, migrantlar, migratsiya

Deportatsiyalar sonining ko‘payishiga bir qancha omillar sabab bo‘ldi. Bularga yo‘lovchilar ro‘yxatini bildirish bo‘yicha qisqartirilgan talablar va dam olish kunlari charter reyslarini amalga oshirish imkoniyati kiradi.

Xususan, AQSh tashkilotlarining “intensiv diplomatik sa’y-harakatlari” Sharqiy yarimsharda charter reyslari sonining ko‘payishiga olib keldi. 2018-yildan beri Xitoyga birinchi yirik deportatsiya charter reyslari, shuningdek, Albaniya, Angola, Misr, Gruziya, Gana, Gvineya, Hindiston, Mavritaniya, Ruminiya, Senegal, Tojikiston va O‘zbekistonga reyslar shular jumlasidar.

O‘zbekiston deportatsiya qilinganlar soni bo‘yicha Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa qator davlatlardan oldinda:

  • Rossiya — 464;
  • Afg‘oniston — 132;
  • Tojikiston — 77;
  • Qirg‘iziston — 69;
  • Ukraina — 53;
  • Armaniston — 27;
  • Qozog‘iston — 23;
  • Ozarbayjon — 13;
  • Turkmaniston — 5.

Deportatsiya qilinganlar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar Meksika (87 298), Gvatemala (66 435), Gonduras (45 923), Salvador (15 284), Kolumbiya (14 268) va Ekvador (12 921) bo‘lib, ularga o‘n minglab muhojirlar deportatsiya qilingan.

2023-yil oktabr oyida AQSh bojxona va chegara xizmati 13,6 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Meksika orqali AQShga kirishga uringan vaqtda qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Noyabrda AQSh Meksika orqali kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritishni to‘xtatishini e’lon qilgan edi. Buning o‘rniga ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi.

O‘tgan yilning dekabrida AQShga noqonuniy kirishga uringan 120 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vataniga qaytarilgan edi. Fuqarolarning aksariyati Meksika orqali chegarani kesib o‘tishga harakat qilgan.