Mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Gayratdjanovich Xalmuxamedov O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi raisi etib saylandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan federatsiyaning navbatdan tashqari konferensiyasida yangi saylangan rais o‘q otish sport turini ommalashtirish va rivojlantirishda barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.

Shuxrat Xalmuxamedov hududlarda zamonaviy infratuzilmaga ega va zamon talablariga mos jihozlar bilan ta’minlangan o‘q otish binolari bunyod etilishi, sportchilar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi hamda kelgusida harbiylar o‘rtasida o‘q otish sport turi bo‘yicha “Mergan kubogi” va yoshlar o‘rtasida mamlakat birinchiligi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Shuxrat Xalmuxamedov noyabr oyida mudofaa vaziri etib tayinlangandi. U bungacha vazirlik rahbarining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.