2024-yilda Telegram Premium obunachilari soni uch baravar ko‘payib, 12 milliondan oshdi, reklama daromadi esa bir necha barobar yuqoriladi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Telegram`ning umumiy daromadi milliard dollardan oshdi, kompaniya “kriptoaktivlarni hisobga olmaganda, 500 million dollardan ortiq naqd pul zaxiralari bilan yilni yakunlamoqda”.

“Men bashorat qilganimdek, 2024-yil Telegram uchun juda omadli bo‘ldi. Uch yillik monetizatsiya tarixida birinchi marta Telegram daromadli bo‘ldi”, — dedi Durov.

Uning yozishicha, so‘nggi to‘rt yil mobaynida Telegram taxminan 2 milliard dollar miqdorida qarz olgan.

“Biz Telegram obligatsiyalari uchun qulay narxlardan foydalanib, shu kuzda uning sezilarli qismini qaytardik. Biroq oldimizda hali ko‘p ishlar turibdi”, — deydi u.

Durovning fikricha, Telegram misolida “ijtimoiy tarmoqlar mustaqil bo‘lib, foydalanuvchilar huquqlarini hurmat qilgan holda moliyaviy barqarorlikka erishishi mumkin”ligini ko‘rish mumkin.

Messenjerda pulli obuna (Telegram Premium) 2020-yil iyun oyida paydo bo‘lgandi.