2025-yil 1-martdan O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar kuchga kiradi. Bu prezidentning 20-dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) hokimliklariga biznesni rag‘batlantirish va ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan qo‘shimcha vakolatlar beriladi.

Xususan, ular 6 oy davomida (Toshkent shahri va viloyat markazlaridan tashqari) sotilmagan, maydoni 10 ming kvadrat metrdan ortiq va baholangan qiymati BHMning 5 ming baravarigacha bo‘lgan (1,875 mlrd so‘mgacha) o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulk obektlarini:

  • Tadbirkorlarga 2 yil davomida yangi loyihalarni ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish majburiyati bilan 10 yilga ijaraga;
  • 4 yil davomida ijara haqini muntazam ravishda to‘lab kelgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorlarga mulk qilib (xususiylashtirib);
  • Mahalliy va xorijiy ta’lim tashkilotlariga xalqaro tillarni o‘qitish va xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislarni tayyorlash uchun ijaraga — 5 yil muddatga. Ijaraning birinchi yili shartnomani uzaytirish imkoniyati bilan bepul bo‘ladi.

Hozirda asosan obektlar autsion yoki tanlovga qo‘yilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bir oy muddatda mahalliy hokimliklarning ko‘chmas mulk obektlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish va sotish tartibini ishlab chiqishi va tasdiqlashi shart.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hokimliklar davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq to‘xtatilgan bo‘lsa (yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish, ijara muddatining tugashi, yuridik shaxsning tugatilishi, yer uchastkasidan belgilangan maqsadda foydalanmaslik, yer uchastkasidan nooqilona foydalanish va boshqalar) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturini taqdim etadi.

Hududlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda 2025-yilda har bir tuman va shahar uchun iqtisodiy rivojlanishga turtki beradigan kamida 5 ta drayver loyihaning manzilli ro‘yxatini tasdiqlashi kerak. Loyihalarning ustuvor yo‘nalishlari — sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi.

Drayver loyihalar va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish xarajatlari davlat budjetida alohida satrda ajratiladi. Mablag‘lardan xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qarorlari asosida foydalaniladi.

Xuddi shu farmon bilan tuman va shahar hokimliklariga ko‘proq moliyaviy erkinlik berilishi ko‘zda tutilgan. Mahalliy budjetlarda yig‘ilgan soliqlarning ko‘pi — yer, mol-mulk va aylanmadan olinadigan soliqlarning 100 foizi, shuningdek, daromad solig‘ining kamida 50 foizi qoladi. Kengashlar soliqlarning bazaviy stavkalariga nisbatan koyeffitsiyentlarni qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.