Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
O‘zbekistonda 23−26-dekabr kunlari ob-havo muhiti sovuq antitsiklon chekkasi ta’sirida quruq, ammo sovuq bo‘lishi ta’minlanadi. Kunduzgi biroz iliqlilik kishilar kayfiyatini ko‘tarsa-da, tungi, tongi va kechki izg‘irin, haroratning nol darajadan past bo‘lishi, xususan, energetik tarmoqlarga yuklamalar berishda davom etadi. Dam olish kunlari esa Qora dengizdan Kavkaz hududlari orqali asta-sekin nam havo oqimlari yog‘ingarchiliklari bilan kirib kelishi kutilyapti. Ammo bu safargi oqim u qadar ko‘p yog‘ingarchilik ulashmaydi.
Qisqacha aytganda, hafta boshi va o‘rtasidagi ob-havoni markazida atmosfera bosimi 1045 gPa gacha bo‘lgan hamda Rossiya janubi va Qozog‘iston shimolidan o‘tishi kutilayotgan sovuq antitsiklonning chekka qismi belgilaydi. Quyidagi ob-havo xaritasida ko‘rinib turgan Gretsiya ustidagi nam havo oqimi Yangi yil arafasida hududlarga yog‘ingarchiliklar taqdim etishi mumkin. Bu haqida keyingi materiallarimizda batafsilroq to‘xtalamiz.
Sovuq antitsiklon chekkasi dushanba-payshanba kunlari havo haroratini mamlakat bo‘ylab past bo‘lishini ta’minlaydi. Kunduzi quyoshli ochiq havo, tungi, tongi va kechki paytda esa biroz izg‘irin sovuq kuzatiladi. Hafta oxirlariga borib, mintaqadan antitsiklon chekinishi bilan, hududlarda haroratning asta-sekin yuqori ko‘tarilishi mumkin. Ammo bu holat haroratning hamma hududlar uchun bir maromda ko‘tarilishini anglatmaydi.
Hafta boshida antitsiklonning chuqur ta’sirida joylarda sovuqroq, izg‘irin kutilsa, hafta o‘rtalaridan haroratning biroz ko‘tarilishi ro‘y beradi. Dushanba kuni O‘zbekistonning katta qismida tungi minimumlar -10 darajadan past, shimol va tog‘larda esa -13 darajagacha pasayadi.
Dushanba-chorshanba kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida tekisliklarda tong otishi va Quyosh botishidan so‘ng tuman hodisalari kuzatilishi mumkin. Ammo ushbu tuman hodisalari (janub viloyatlaridan tashqari) juda ham qalin va davomli bo‘lmaydi. Chunki respublikaning katta qismida tuproqning chuqur muzlashi hodisalari ro‘y bermoqda. Bunday paytda qalin va davomli tuman hodisalari bo‘lish ehtimoli juda kam. Hafta boshida ayrim hudlarda bulduruq hodisasi kuzatilishi mumkin.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 23-dekabr kuni sovuq harorat kuzatiladi. Havo harorati respublika bo‘ylab kunduz kuni -2 daraja sovuqdan …+5 daraja iliqqacha, tog‘larda −0…−5 daraja sovuq, janub viloyatlaridagina +2…+7 daraja iliqqacha o‘zgarsa, tunda respublikaning katta qismida harorat -10 darajagacha, tog‘ va shimolda -13 daraja sovuqqacha pasayadi. Hududlarda tuman, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari va tog‘larda yaxmalak kuzatilishi mumkin. Yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Sinoptiklar 24−26-dekabr kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz quruq ob-havo bo‘lishini prognoz qilgan. Kunduzi havo harorati asta-sekin ko‘tarilib boradi. 25−26-dekabr kunlari kunduzi joylarda havo harorati +7…+12 darajagacha ko‘tariladi. 24-dekabr kuni esa antitsiklon sovug‘i ta’siri ostida kunduz kuni harorat +7 darajadan past kutiladi. Shimol, tog‘ va vodiy viloyatlarida esa kunduzi ham nol daraja atrofidagi harorat muhiti saqlanadi.
Tungi harorat respublikaning janub viloyatlaridan tashqari nol darajadan ancha past kutilib, seshanba kuni ko‘plab hududlarda −5…−10 darajali sovuq, chorshanba-payshanba kunlari esa 0…-5 daraja sovuq, vodiy va tog‘larda -8 darajagacha sovuqlikni tashkil etadi. Janubda esa asta-sekin tungi harorat nol darajadan yuqori iliq kuzatila boshlaydi. Bu kunlarda hududlarga tuman tushishi mumkin. Haftaning ish kunlari kuchli shamol hodisalari bo‘lishi prognoz qilinmagan.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat fonida asta-sekin sezilarli yuqorilash kuzatiladi. Buni kishilar ham o‘z tanida his qila boshlaydi. Antitsiklonning mintaqadan to‘liq chekinishi O‘zbekistonga biroz iliq ob-havo muhiti kirib kelishini ta’minlaydi. Dam olish kunlari haroratning ko‘tarilishi ortidan avvaliga shimolga, keyinroq boshqa hududlarga nam havo oqimlari kirib kelish ehtimoli yuqori.
Shanba-yakshanba kunlari ehtimoliy nam havo oqimining mintaqaga kirib kelishida “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aynan qaysi viloyatlarga yog‘ingarchilik tushishini aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet"ning boshqa bir prognozi hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta davomida O‘zbekistonda quruq ob-havo kuzatilib, yog‘ingarchilik bo‘yicha joriy haftada shu kunlarga xos iqlimiy me’yordan ancha kam yog‘in tushishi taxmin qilingan. Xususan, O‘zbekiston tog‘lari uchun joriy hafta juda quruq ekani oydinlashgan. Harorat rejimi bo‘yicha esa respublikaning katta qismida haftalik harorat ko‘p yillik shu davr uchun xos ob-havo muhitiga o‘xshash bo‘lsa-da, aholi zich istiqomat qiluvchi Sirdaryo, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida sovuqlik saqlanishi oydinlashgan.
Hisor tog‘ tizmasi va uning etaklaridagi hududlarda joriy hafta “issiq” bo‘lishi ma’lum qilingan. Bu haqida biz o‘tgan oydagi dekabr oyi uchun ehtimoliy ob-havo kutilmalari bilan bog‘liq sharhda ham ma’lumot bergan edik.
Qisqacha aytganda, joriy haftada ob-havo sharoiti sovuq, keyinroq — mavsum uchun xos — biroz mo‘'tadil va quruq ob-havo muhitini taqdim etadi.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
O‘zbekiston hafta boshlarida antitsiklonning ta’sir doirasida bo‘lishi, boz ustiga, mazkur antitsiklonda atmosfera bosimi 1025 va 1030 gPa ga yaqin bo‘lishi sabab, aholi antitsiklon ta’sirini o‘z tanasida his qiladi. Bu hududlarda ochiq osmonli, ammo sovuq ob-havo muhitini beradi.
Dushanbadan payshanbaga qadar bunday yuqori atmosfera bosimi inson salomatligiga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan kishilarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu tur bemorlar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga ta’sirchan (agressiv) bo‘ladi, ammo bu safargi jarayon kishilar salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Haftaning boshlarida yuqori bosimli davomiy antitsiklon ta’siri inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ishchanlikning sustlashuvi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirib, organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning bari inson salomatligini sezilarli darajada yomonlashtiradi va turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.
Tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.
Chorshanbadan boshlab antitsikloning mintaqadan chekinishi kuzatiladi va kutilajak ob-havo sharoiti inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Faqat shanba-yakshanba kunlari atmosfera bosimiing biroz pasayishi bilan bog‘liq bulutli jarayonlar mintaqaga kirib kelishi, siklonal ta’sirlarga moyil ayrim toifa kishilarni bezovta qilishi mumkin. Lekin bu jarayon ham salomatlikka aytarli xavf tug‘dirmaydi.
Ish kunlari kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy hafta ish kunlari tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi ham baland emas.
Bioiqlimiy sharoitlar
Hafta boshida turli hududlarda tungi, tonggi va kechki haroratning -10 daraja va undan ham past kuzatilishini hisobga olib, ayrim hudud aholisi qalin kiyimlar kiyishi lozim bo‘ladi. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim.
Haftaning o‘rtalaridan boshlab, kunduz kunlari haroratning sezilarli yuqorilashi kishilarni qalin kiyimlar o‘rniga yengilrog‘ini kiyib olishga undaydi. Juma, shanba va dam olish kunlari kunduzgi “komfort” bioiqlimiy muhitga yaqin iliqlilik respublikaning katta qismidagi aholini juda yengil kiyim kiyib olishga undaydi ham, ammo tungi, kechki haroratning +5 darajadan pasayishi baribir kishilar tanasi uchun qalinroq kiyimlar kiyib olishga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.
Hafta ish kunlari kechki, tungi va tonggi muddatlarda sovuqlik stresslari aholi zich istiqomat qiluvchi vodiy va Toshkent viloyatlari uchun saqlanib qoladi. Bu esa ushbu hudud aholisining boshqa hududlarga nisbatan qalinroq kiyim kiyib yurishini ta’minlaydi.
Kosmik ta’sirlar
O‘zbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida so‘nggi ikki kunlikda chaqnashlar bilan bog‘liq sokinlikni ko‘rsatmoqda. Yer magnitosferasida ham kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lmasligini taxmin qilingan. Quyosh fotosferasida so‘nggi uch kunlikda kuchli chaqnashlar sodir bo‘lmadi. Oddiy qilib aytganda, Quyosh sirti va Yer magnitosferasida “sokinlik” hukm suryapti.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi ish kunlarida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi, ya’ni xavfsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan. Faqat 25-dekabrda “sariq” xavfga ega 3−4 ballik magnit bo‘roni qo‘zg‘alishi mumkinligi taxmin qilingan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Yakshanba kuni O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan kam yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari, masalan, dushanba-chorshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Respublikaning ko‘plab hududlarida antitsiklonal jarayon ta’sirida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng kuzatiladigan inversiya fonida havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari), uning ortidan havoda biroz ifloslanishi yuzaga kelishi mumkin.
Shanba va yakshanba kunduz kunlari haroratning yuqori ko‘tarilishi pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga havoda mayda dispers zarrachalari ko‘payishiga zamin yasashi mumkin. Xususan, poytaxtda ham ish haftasi boshida mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik biroz ko‘payishini taxmin qilish mumkin. Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 23−29-dekabr sanalarida ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar payshanba va juma kunlari bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilyapti.