Toshkent aeroportida kitob do‘koni, yuk saqlash xonasi va yangi kafe tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Kompaniya Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish va uchib kelish zallari, shuningdek, terminaloldi hududida joylashgan maydonlarni ijaraga berish uchun E-auksion.uz elektron platformasiga tegishli lotlarni joylashtirdi.

Qayd etilishicha, tez kunlarda poytaxt aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida kitob do‘koni tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu do‘kon uchun 20 kvadrat metr maydon auksionga qo‘yiladi. Lotning yillik boshlang‘ich qiymati 48 million so‘m etib belgilandi.

Xalqaro aviaqatnovlar terminalining uchib ketish zalida avtomatlashtirilgan yuklarni saqlash joyini tashkil etish uchun 8 kvadrat metr maydon auksionga joylashtirilgan. Lotning boshlang‘ich bahosi — yiliga 144 million so‘m.

Shuningdek, uchib ketish zalining shaharga qaragan terrasasida yangi kafe tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu kafe maydoni 50 kvadrat metrni tashkil etadi va uning boshlang‘ich bahosi yiliga 300 million so‘m etib belgilangan.

Xalqaro aviaqatnovlar terminalining uchib kelish zalida mahalliy uyali aloqa operatorlarining SIM-kartalarini sotish shoxobchasini tashkil etish uchun ham 5 kv.m maydon kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Lotning dastlabki qiymati — yiliga 90 million so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, terminaloldi hududida bankomatlar uchun boshlang‘ich qiymati yiliga 36 million so‘m bo‘lgan 6 kvadrat metr joy va har biri 14 kvadrat metr bo‘lgan “food track” shaklidagi ikkita umumiy ovqatlanish shoxobchasi uchun lotlar joylangan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining har biri uchun yillik boshlang‘ich qiymat — 100,8 million so‘m etib belgilangan.

Bundan tashqari, E-auksion.uz elektron platformasida aeroportning asosiy hududida perronga chiqish imkoniyatiga ega maydonlarni ijaraga berish uchun lotlar joylashtirilgan. Jumladan, har birining maydoni 40 kv.m, boshlang‘ich bahosi yiliga 192 million so‘m etib belgilangan aviakompaniya ofislarini joylashtirish uchun maydonlar mavjud.

Ushbu auksionlar 2025-yil 6-yanvar kuni E-auksion.uz elektron platformasida bo‘lib o‘tadi.

Auksionda ishtirok etuvchi kompaniyalar texnik shartlarga mos kelishlari shart. Har bir lot bo‘yicha ijarachilarga qo‘yiladigan talablar va boshlang‘ich narxlar E-auksion veb-saytida mavjud. Kimoshdi savdosi qoidalariga ko‘ra, dastlabki yillik summalar kim oshdi savdosi paytida kamida 10 foizga oshishi mumkin.