O‘zbekistonda hokimliklar xodimlarining ish haqini oshirish rejalashtirilmoqda, deyiladi prezidentning 20-dekabrdagi farmonida (PF-223).
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari xodimlarining ish haqi va moddiy rag‘batlantirish miqdorini oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritish topshirildi.
Farmon bilan viloyat hokimliklari boshqaruv apparatining namunaviy tuzilmasiga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda (u hozir qanday tartibda ekani ushbu havolada).
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni o‘zgarmaydi — har bir hokimlik uchun 61−70 birlik, shuningdek, boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 763 birlik.
Bunda viloyat hokimliklarining budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarini kiritish qat’iyan taqiqlanadi.
Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda.
Ayrim hokimliklarda Xitoy bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va investitsiyalarni jalb qilish sektori, qishloq xo‘jaligi va raqamlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchilar lavozimlari, shuningdek, protokol bo‘limi joriy etilmoqda.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligiga tegishli idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda samaradorlik.uz platformasida mahalliy hokimliklar faoliyatini baholash amaliyotini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘nalishidagi 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Avvalroq prezidentning 13-martdagi farmoni bilan davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarida ishlarni baholash uchun samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilgandi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari uchun KPI Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Tuman, shahar va viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari maqsadlarni hokimlardan, Qoraqalpog‘iston vazirlari esa Vazirlar Kengashi raisidan oladi.
KPI ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar samaradorlik.uz tizimiga har chorakda kelib tushadi. Uning asosida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari uchun ish samaradorligi reytingini shakllantiradi.
Mansabdor shaxslar va boshqa rahbarlarga berilgan baholar quyidagi tizim bo‘yicha aniqlanadi:
- KPI foizdan kam bajarilganda — qoniqarsiz;
- 70−85 foiz bo‘lganda — qoniqarli;
- 85−100 foiz bo‘lganda — yaxshi;
- 100 foizdan yuqori — a’lo.
Rag‘batlantiruvchi to‘lovlar miqdori samaradorlikni baholashga bog‘liq bo‘ladi. Chorak davomida qoniqarsiz natija ko‘rsatgan rahbar va o‘rinbosarlar uchun rag‘batlantirish to‘lovlari keyingi uch oyga to‘xtatiladi.
Prezidentning 20-dekabrdagi farmoni bilan tuman va shahar hokimliklariga ko‘proq moliyaviy erkinlik berilishi ko‘zda tutilgan. Mahalliy budjetlarda yig‘ilgan soliqlarning ko‘pi — yer, mol-mulk va aylanmadan olinadigan soliqlarning 100 foizi, shuningdek, daromad solig‘ining kamida 50 foizi qoladi. Kengashlar soliqlarning bazaviy stavkalariga nisbatan koyeffitsiyentlarni qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.
Hokimliklarga 6 oy davomida sotilmagan, qiymati 1,875 mlrd so‘mgacha bo‘lgan 10 ming kvadrat metrdan ortiq bino va uchastkalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish yoki ijaraga berishga ruxsat beriladi. O‘zbekiston hududlariga har bir tuman va shahar uchun kamida beshta drayver loyihasini tasdiqlash topshirildi.
Shuningdek, tuman va shahar hokimliklari 8 ta vazirlik va idoraning bo‘lim rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularni rag‘batlantirish va jazolash huquqiga ega bo‘ladi. 15 ta tumanda “Aholi va tadbirkorlar manfaatiga xizmat qilish” huquqiy tajribasi o‘tkaziladi.