24-dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri Qurolli Kuchlar, fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi va mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlashga oid boshqa masalalarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Yig‘ilishda milliy armiyaning jangovar shayligini oshirish maqsadida “zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari” qo‘shinlarga tatbiq etilgani ta’kidlandi.

mudofaa vazirligi, uchuvchisiz uchish apparatlari

Natijada o‘tgan yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilgan, deyiladi tadbirda.

“Yil davomida AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan. O‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan.

Bundan tashqari, 2024-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston harbiy xizmatchilari O‘zbekistonda jangovar mutaxassislik bo‘yicha o‘qitilgan.

Ichki ishlar vazirligining “Manzil”, Adliya vazirligi huzuridagi “Xorijga chiqish pasporti”, “Yoshlar balansi” hamda “Elektron hukumat” platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid ma’lumotlar elektron bazasi yaratilgan.

“Natijada mudofaa ishlari organlarining fuqarolarga harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish faol davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ularga oid ma’lumotlarni taqdim qilish bilan bog‘liq masalalarda byurokratizm va boshqa to‘siqlarga barham berilgan”, — deyiladi xabarda.