Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputat Nuriddin Sultonov Toshkent shahridagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilishi bo‘yicha Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga deputatlik so‘rovi yubordi, deb xabar qildi partiya matbuot xizmati.
Murojaatda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning jadallashuvi natijasida elektromobillar soni ortib borayotgani qayd etilgan. 2024-yilning 10 oyida O‘zbekistonga 20 mingdan ortiq elektromobil import qilindi. Bundan tashqari, ularni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu jarayon elektromobillardan foydalanish infratuzilmasining rivojlanishi va kengayishi zaruratini yuzaga keltirdi. Ko‘plab xizmat ko‘rsatish obyektlari atrofida tadbirkorlar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘rnatildi va aholiga xizmat ko‘rsatish joriy qilindi.
Hukumat qarori bilan, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi ham belgilangan.
Biroq poytaxtda o‘rnatilgan, xususan subabonent sifatida elektr tarmoqlariga ulangan va elektrdan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzib qo‘yilayotgani tadbirkorlar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, deyidadi so‘rovda.
Deputat Energetika vazirligidan quvvatlantirish stansiyalarining elektr tarmog‘idan uzilgani bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berishni, Kadastr agentligidan esa Toshkent shahridagi stansiyalarni demontaj qilish talabi sabablarini asoslab berishni so‘radi.