24-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevga maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimi ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangicha rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Xususan, so‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetgan.

Mamlakatda maktab ta’limini rivojlantirish, xabarda aytilishicha, umummilliy harakatga aylangan. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil 608 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilgan. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirilib, ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilishda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Uning qayd etilishicha, kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi. Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi.

bog‘cha, maktab, maktabgacha va maktab ta’limi, prezident, ta’lim

Dunyodagi ilg‘or tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda, ta’kidladi vazir. Jumladan, bu yil 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.

O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.

Davlat rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi. Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi.

Shuningdek, viloyatlardagi 5 ta pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.

Ta’lim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha manbalar hisobidan maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.

Xabarda aytilishicha, prezident qaroriga muvofiq, o‘quvchilarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimiga e’tibor berildi va, xususan, yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi.

bog‘cha, maktab, maktabgacha va maktab ta’limi, prezident, ta’lim

Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqish, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilarni ishga jalb etish rejalashtirilmoqda. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta ta’lim maskanida tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadigan “Jasorat maktablari” tashkil etiladi.

Yana bir prezident farmoni bilan, 2025-yildan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.

Keyingi yil 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.

Prezident sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy ta’lim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.