Farg‘ona shahar Yangiyo‘l mahallasida joylashgan Petrolium avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida 17-dekabr kuni soat 13:45 larda portlash va yong‘in yuz bergan edi. Rasmiylar tomonidan berilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
“Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov va operator-montajchisi Shahzod Habibullayev hodisa joyidan reportaj tayyorlash maqsadida 20-dekabr kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib qaytdi. Quyida safar tafsilotlari muxbir Mirolim Isajonov tilidan bayon qilinadi.
Tong soat 8:00 larda qorli Farg‘onaga yetib keldik. Aeroport bilan portlagan AYQSh orasi mashinada taxminan 20 daqiqalik yo‘l ekan. Chamasi 60 yoshlardagi taksist amaki bilan suhbatimiz o‘z-o‘zidan portlash mavzusiga bog‘lanib ketdi.
“Quda tarafdan bir qarindoshimiz o‘sha kuni Cobalt’ida oilasi bilan yoqilg‘i quydirgani shu yerga kelgan ekan. Bolalari va o‘zi mashinadan tushgach, shoxobchani birdan tuman bosgan. Yaqinlari o‘zini himoya qilish uchun chetga qochgan. Hech qancha o‘tmay mashinasi olov ichida qolgan. Qarindoshimiz olovni o‘chirishga uringanini ko‘rgan shoxobcha ishchilari kelib, yordamlashgan. Xayriyatki, o‘zi va oilasi omon qolgan. Lekin hozir ham kuchli shok holatida yurishibdi, mashinasining ko‘p joyi zarar ko‘rgan”, — dedi u.
Taksichi amaki 17-dekabrdan buyon butun shaharda aylanib yurgan gap-so‘zlarga tayanib aytishicha, portlash bo‘lgan vaqtda shoxobcha ichida ishchilar, yoqilg‘i quydirish uchun u yerga kirgan mashinalar kam bo‘lmagan. “Shuning uchun ham to‘rt kishi o‘ldi, degan gapga odamlarning ishonishi qiyin bo‘lyapti”, — deya qo‘shimcha qildi haydovchi.
Biz hodisa joyiga yetib borganimizda shoxobcha joylashgan Ahmad Yassaviy ko‘chasining ikki boshi ham transport harakati uchun yopib qo‘yilgan, ko‘cha boshida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari navbatchilik qilayotgandi. Shoxobchaning o‘zi ham baland tunuka devorlar bilan o‘rab olingan, atrofida FVV, IIB, Milliy gvardiyaning o‘nlab xodimlari, o‘t o‘chirish mashinalari ishlayotgan edi. Havoda gaz hidi anqirdi.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
AYQSh eskitdan bo‘lgan, ammo avvallari faqat benzin sotgan. Biz bilan suhbatlashgan farg‘onaliklarning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yili shoxobchada propan gaz yoqilg‘isi ham sotila boshlagan. Aholi avvalboshdan mazkur shoxobcha faoliyatiga qarshi bo‘lgan.
“Zapravka qurilayotgan paytda qarshilik qilgandik. Lekin ular arz-dodimizga quloq tutmadi. Endi jabrini oddiy xalq tortyapti. Odamlar o‘ldi. Uyimiz vayron bo‘ldi”, —degandi hodisa joyiga yaqin yashovchi aholi vakillaridan biri “Kun.uz"ga bergan intervyusida (o‘sha suhbatdosh “aholining boshiga musibat keltirgan zapravka” deya ta’riflagan shoxobcha 22-dekabr kuni “egasining xohishiga ko‘ra” buzib tashlanayotgani ma’lum bo‘ldi).
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Biz ham aholidan intervyu olish maqsadida portlagan shoxobcha qarshisidagi yetti qavatli uyga kirdik. Eshigini taqillatganimiz barcha xonadonlardan ham javob bo‘lgani yo‘q. Eshik ochganlar esa “dom"dagilar evakuatsiya qilingani, ko‘pchilik hali uyiga qaytmaganini aytdi. Ammo intervyu berolmasligini bildirdi.
“Kun.uz"ga intervyu berganlar portlashning ertasiga rasmiylar “yana gaz sizib chiqyapti” degan vaj bilan odamlarni “uydan sovuqqa haydab chiqargani"ni, odamlar “yosh go‘daklari bilan qirovli kunda ko‘chada izg‘ishga” majbur bo‘lganini ta’kidlagan edi. Ularning ayrimlari “ahvol shunday bo‘lsa, evakuatsiya qilmaydimi, joy qilib bermaydimi?” qabilida e’tiroz ham bildirgandi.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Voqeadan uch kun o‘tib, nafaqat portlashdan zarar ko‘rgan ko‘p qavatli uylarda, balki shunchaki ko‘chada ham portlash yuzasidan intervyu berishga rozi kishilarni topish juda qiyin bo‘ldi. Odamlar kameraga gapirishni rad etgan bo‘lsa-da, hodisa oqibatida vafot etganlar qaysi tarafda yashashini ko‘rsatib yubordi.
Rasmiylar 17-dekabrdagi portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini tan olgan bo‘lsa-da, shu kungacha qurbonlarning na ismi, na yoshi va na jinsini ochiqladi. Biz Farg‘onaga yo‘l olishimiz arafasi ijtimoiy tarmoqlarda bir ona ikki o‘g‘li bilan birga Farg‘ona shahridagi “Sirpo‘sh ota” qabristoniga dafn etilishi, ular portlash qurbonlari ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Farg‘onaga borib bildikki, AYQShdagi portlash oqibatida shaharning Zarbdor mahallasida yashovchi 36 yoshli ona hamda uning 4 va 2 yoshli o‘g‘illari bilan birga ayolning 18 yoshli qiz jiyani ham hayotdan ko‘z yumgan (ularning ismlari “Gazeta.uz"ga ma’lum, biroq kameraga intervyu bergan qarindoshlar keyinchalik suhbatni chiqarmasligimizni so‘radi). Ammo bu to‘rt marhum rasmiylar axborotidagi qurbonlarmi yoki yo‘q — bu savol ochiq qoldi.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Biz kelini, uning ikki o‘g‘li va qiz jiyani vafot etgan xonadonda bo‘lib, marhumlar haqiga Qur’on tilovat qildik, xonadon egalarining roziligi bilan vafot etgan ona, uning farzandlari va jiyani haqida, hodisadan keyingi ahvol borasida intervyu oldik…
Dastlabki xabarlarda portlash oqibatida 4 kishi tan jarohati olgani, yana 8 kishi shifokorlar nazoratiga olingani aytilgan edi (keyinchalik tan jarohati olganlarning uch nafari vafot etdi). Biz omon qolgan jabrlanuvchilar bilan suhbatlashish va ularning ahvoli haqida mutasaddilardan ma’lumot olish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga ham bordik.
Tan jarohati olganlar davolanayotgan kasalxona. Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Lekin u yerda salkam uch soat behuda sarson bo‘lganimiz qoldi. Jumladan, markaz rahbariyati bu masalada shifokorlar gapirishini aytdi, shifokorlar esa to‘liq ma’lumotni rahbariyat berishini bildirdi. Shifokorlar o‘zlari intervyu bermagani yetmaganidek, davolanayotgan bemorlarning intervyu berishiga ularning yaqinlari juda qarshi ekanligini ta’kidlashdan charchamadi.
Biz tibbiyot markazi rahbariyatidan portlash sodir bo‘lgan kuni birinchi va so‘nggi jabrlanuvchilar qachon, soat nechada olib kelingani, jabrlanuvchilarning jami soni, yoshi va jinsi haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashni so‘radik. Ammo ular bu haqda ma’lumot bera olmasligini aytishdan nariga o‘tmadi.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Ochiq qolayotgan ushbu savollarga javob topishda Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Ma’sudjon Sulaymonov ham yordam berolmadi. Viloyat FVB matbuot kotibi Ahliddin Alijonovga esa kun davomida kamida 10 marta qo‘ng‘iroq qildik, ammo biror marta gaplasha olmadik.
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onadagi portlash oqibatida vafot etganlar soni aslida to‘rt nafardan ko‘pligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Biz suhbatlashgan farg‘onaliklardan biri ham hodisa qurbonlari aslida ko‘proq ekaniga “o‘zi o‘likxona (morg)ga borganida guvohi bo‘lgani"ni ta’kidladi. Ammo Farg‘ona shahridagi bir nechta qabriston mas’ullari, AYQSH atrofidagi aholi bilan suhbatlashib, hodisa qurbonlari to‘rt nafardan ko‘p ekani haqidagi xabarlarni tasdiqlovchi dalillar yoki guvohliklarni topolmadik.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Ammo davlat organlari ham Farg‘onadagi hodisa yuzasidan o‘z vaqtida, ortiqcha shubha-gumonlarga o‘rin qoldirmaydigan tarzda axborot berib bordi, deb bo‘lmaydi. Hodisa jabrdiydalarining yoshi, jinsiga oid oddiy ma’lumot ham berilgani yo‘q. Shuningdek, portlash oqibatida yetkazilgan zarar ko‘lami va uni qoplash choralari ham ochiqlanmadi (masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan dastlabki video va fotoxabarlarda yongan, kuygan avtomobillar ko‘p edi). Bundan tashqari, AYQSH kimga tegishli, qanday qilib bitta AYQShning o‘zida benzin ham, propan ham sotilgan, u qanday qilib turar joy mavzesi ichida qolib ketgan, hodisa yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida kimlar qo‘lga olingan — bu savollar ham ochiq qolmoqda.
Foto: Shahzod Habibullayev / “Gazeta.uz”
Nazarimizda, rasmiylar Farg‘onadagi hodisa tafsilotlarini jamoatchilikka yetkazishda o‘zlariga yuklatilgan minimal talablarni ham qoniqarli bajarmadi. Noxush mish-mishlar urchishiga sabab bo‘ladigan mavhumlik ko‘payib ketdi. Vaholanki, bunday hodisalar yuz berganida davlat yanada ochiqroq va oshkoraroq ishlashi barcha uchun manfaatlidir.
P. S. Toshkentga qaytganimizdan keyin, portlash qurbonlarining biz suhbatlashgan yaqinlari aloqaga chiqib, intervyularni chiqarmay turishni so‘radi. 22-dekabr kuni esa yana aloqaga chiqib, suhbatni umuman chiqarmaslikni talab qildi.