Quvondiq Sanaqulov O‘zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 24-dekabr kuni qo‘mitada Sport vazirligi va MOQ rahbariyati ishtirokida mamlakat gandbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylandi va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi ko‘rib chiqildi.
Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati"ning bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Sanaqulov Quvondiq Sanaqulovich nomzodi O‘zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi.
Sport vaziri Adham Ikramov bir necha yillar davomida mamlakat suzish federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan Quvondiq Sanaqulovich haqida fikr bildirdi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qulladi va u mamlakat gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Quvondiq Sanaqulov 2008-yildan beri “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” rahbari lavozimida ishlab keladi. U O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, bir qancha faxriy unvonlar sovrindori.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston gandbol federatsiyasining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda rasmiylar bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlarida ham yo‘llanma olish muhim ekani, buning uchun barcha terma jamoalarga kerakli sharoitlar yaratib berilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.