2025-yil 1-yanvardan boshlab tuman va shaharlar hokimliklari yangi ma’muriy vakolatlarga ega bo‘ladi. Bu prezidentning 20-dekabrdagi farmonida (PF-223) nazarda tutilgan.

Hujjat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv samaradorligini oshirish va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.

Unga ko‘ra, tumanlar va shaharlar hokimliklariga davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish vakolati berildi.

Shuningdek, ular 2025-yildan boshlab vazirlik va idoralarning bo‘limlari rahbarlarini hududiy boshqarmalar bilan kelishgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Gap quyidagi bo‘limlar haqida ketmoqda:

  • iqtisodiyot va moliya bo‘limi;
  • kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi;
  • investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi;
  • qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi;
  • madaniyat bo‘limi;
  • oila va xotin-qizlar bo‘limi;
  • Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi.

2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida ayrim tuman va shaharlarning (ro‘yxat quyida keltirilgan) hokimliklari faoliyati “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” deya nomlangan yangicha yondashuvi asosida tashkil etiladi.



Viloyat
Tuman yoki shahar
1
Qoraqalpog‘iston
Qo‘ng‘irot tumani
2
Qoraqalpog‘iston
Chimboy tumani
3
Andijon viloyati
Asaka tumani
4
Buxoro viloyati
G‘ijduvon tumani
5
Jizzax viloyati
G‘allaorol tumani
6
Qashqadaryo viloyati
Yakkabog‘ tumani
7
Navoiy viloyati
Xatirchi tumani
8
Namangan viloyati
Chortoq tumani
9
Samarqand viloyati
Bulung‘ur tumani
10
Sirdaryo viloyati
Sirdaryo tumani
11
Surxondaryo viloyati
Denov tumani
12
Toshkent viloyati
Yangiyo‘l shahri
13
Farg‘ona viloyati
Quva tumani
14
Farg‘ona viloyati
Marg‘ilon shahri
15
Xorazm viloyati
Shovot tumani

Bunda vazirlik va idoralarning tuman va shahar bo‘linmalari amaldagi shtat birliklari hisobiga hokimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobot beradigan va loyihani boshlab, yakuniga yetkazadigan malakali xodimlardan iborat loyiha ofislari tashkil etiladi.

Loyiha ofislarini tuzish va shtat birliklarini taqsimlash masalalari Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bu organlar bir hafta ichida o‘z xulosalarini taqdim etishi kerak.

Vazirlik va idoralar loyiha ofislariga jalb qilingan xodimlarni rag‘batlantirish uchun budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bir martalik rag‘batlantirish miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha yetishi mumkin.

Rag‘batlantirish loyiha ofislari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarga o‘zining tegishli kompleksiga kiruvchi tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlarini har yili kvota doirasida tajriba almashish, zamonaviy ish uslublarini o‘rgatish maqsadida vazirlik (idora)larning markaziy apparatiga jalb etish topshirildi.

Vazirlik va idoralarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan salohiyatli kadrlari (bo‘lim boshlig‘i va undan yuqori lavozimlar)ni rotatsiya asosida mas’ul lavozimlarga vaqtinchalik o‘tkazish tartibini joriy etiladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu tartibni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

Huddi shu farmon bilan hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Unga ko‘ra, hokimliklarga balansidagi ko‘chmas mulklarni muayyan shartlar asosida tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yilga ijaraga berish vakolati berilmoqda.