Ushbu material dastlab 2024-yil 20-noyabrda rus tilida e’lon qilingan.
Biz, 11 yillik majburiy ta’lim Konstitutsiya va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq kafolatlanganligi sababli, mamlakatda barcha bolalar maktabga qatnaydi va o‘rta maktabni tamomlaganlik haqidagi shahodatnomani oladi, deb hisoblab kelganmiz. Lekin BMTning Bolalar jamg‘armasi — UNICEF tomonidan e’lon qilingan O‘zbekistondagi bolalar va o‘smirlar vaziyatining tahlili (“Gazeta.uz” hujjatning qisqacha sharhini e’lon qilgan edi) shuni ko‘rsatadiki, bolalarning ta’lim tizimidan o‘tishi jarayonida o‘rta ta’limdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va qamrov darajasi bilan bog‘liq muammolar mavjud.
2021−2022 o‘quv yilida O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim bilan qamrab olish darajasi 99 foizni, o‘rta maktabga qabul qilish darajasi esa 97 foizni tashkil etgan. Majburiy ta’limning oxirgi ikki yilida, ya’ni o‘rta maktabning yuqori sinflarida ta’limni tamomlash ko‘rsatkichi biroz pasayib, 94 foizni, eng kambag‘al oilalar farzandlari orasida esa 89 foizni tashkil etgan. Bu esa kamida yuz minglab bolalar majburiy o‘rta ta’limdan chetda qolib, kasb-hunar yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘layotganini anglatadi.
Bunga sabab nima va onlayn ta’lim bu muammoni hal qilishda qanday yordam berishi mumkin? Bu haqda “Gazeta.uz” Nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi raisi, Leader school asoschisi va rahbari Feruza Vahobova va uning jamoasi bilan suhbatlashdi. Ular bir necha yildan buyon O‘zbekistondagi ilk to‘laqonli onlayn maktab — LeaderOnlineʼni sinovdan o‘tkazyapti.
Biz Feruza Narimanovna bilan kechqurun, shahar aholisi ishdan uyga qaytayotgan paytda uchrashdik. U meni maktabning asosiy binosidan alohida binoga boshlab bordi. U yerda vaqt kech bo‘lishiga qaramay, qizg‘in ish jarayoni ustidan chiqdik. Men hayron bo‘ldim: o‘tgan safar loyihani ishga tushirish haqida suhbatlashganimizda, onlayn maktabni qo‘llab-quvvatlash xonalari Leader maktabi ichida joylashgan edi. “Ha, — jilmaydi u, — loyiha kengaymoqda”.
Dastavval maktab tyutori Abduvali Ismatullayevdan onlayn maktabni tashkil etishning texnik jihatlari haqida so‘rab bildik. Onlayn maktabning o‘quv kalendari — o‘quv yilining boshlanishi va tugashi, choraklar, ta’tillar — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv kalendariga mos keladi. Mashg‘ulotlar ikki xil formatda: asinxron va sinxron tarzda o‘tkaziladi.
Asinxron mashg‘ulotlar LeaderOnline platformasida o‘tkaziladi. Bu, mohiyatan, oldindan yozib olingan videodarslar va taqdimotlardan iborat. O‘quvchilar videodars yoki taqdimotni tomosha qiladi va tizim tomonidan avtomatik tekshiriladigan testlarni yechadi.
— Bunday formatda — videodars yoki taqdimot formatida, masalan, chet tili darslarida muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish qanday amalga oshiriladi?
Abduvali Ismatullayev: Asinxron darslardan tashqari, barcha asosiy fanlar bo‘yicha sinxron darslar ham nazarda tutilgan bo‘lib, bunday ko‘nikmalar aynan sinxron darslar davomida rivojlantiriladi. Sinxron darslar MSTeams muhitida o‘tkaziladi. Har bir sinf uchun (ha, onlayn maktabda ham oddiy maktabdagi kabi sinflar, guruhlar mavjud) jadval tuziladi — dars 40 daqiqa davom etadi, keyin tanaffus, so‘ng keyingi dars va hokazo. Darslarga havolalar tizimning “Kalendar” bo‘limida ko‘rsatiladi. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lishi uchun mashg‘ulotlar paytida kameralarni yoqib qo‘yish so‘raladi.
Darslar platformada yozib olinadi va saqlab qo‘yiladi — bu, ayniqsa, bola u yoki bu sabablarga ko‘ra darsni o‘tkazib yuborgan yoki shunchaki mavzuni yana bir bor tinglashni istagan taqdirda, juda qulay. Shuningdek, maktabda boshqa vaqt mintaqalarida, masalan, Amerika, Avstraliyada yashovchi o‘quvchilar ham ta’lim oladi — agar ular, aytaylik, vaqtdagi tafovut tufayli, sinxron mashg‘ulotlarda qatnasha olmasa, yozib olingan dars mashg‘ulotlarini tomosha qiladi.
Jismoniy tarbiya, tasviriy san’at va texnologiyadan tashqari deyarli barcha fanlar bo‘yicha asinxron va sinxron mashg‘ulotlar ko‘zda tutilgan. Ularning nisbati, odatda, quyidagicha: 30 foiz asinxron darslar va 70 foiz sinxron darslar. Jismoniy tarbiya, tasviriy san’at va texnologiya bo‘yicha mashg‘ulotlar faqat asinxron formatda olib boriladi.
O‘quvchilarni maktabga qabul qilishdan oldin ulardan test topshirishlarini so‘raymiz — bu bolalarning hozirgi bilim darajasini: ular davlat standarti bo‘yicha bilishlari va bajara olishlari kerak bo‘lgan narsalarni qay darajada o‘zlashtirganliklarini aniqlash uchun zarur.
Shundan so‘ng, o‘quvchilar boshlang‘ich sinflar uchun ikki oy va yuqori sinflar uchun bir oy davom etadigan moslashuv kursidan o‘tadi. Kurs bir nechta bloklardan iborat: raqamli savodxonlik ko‘nikmalari va ular ishlashi kerak bo‘lgan platformani, shuningdek, axborot bilan ishlash, konspekt qilish va eslab qolish usullarini o‘rganish.
Feruza Vahobova: Bolalar asosan raqamli savodxonlik ko‘nikmalarisiz keladi, ba’zan, aytaylik, tizimga o‘z login va paroli bilan kirish singari elementar narsalarni ham qila olmaydi. Moslashuv kursi aynan shu to‘siqni yengib o‘tish uchun zarur. O‘quvchini onlayn maktabga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror u moslashuv kursini muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng qabul qilinadi.
— Onlayn maktabda siz beradigan o‘quv dasturi an’anaviy maktab berishi kerak bo‘lgan dasturni to‘liq takrorlaydimi?
Lola Fayziyeva, o‘quv jarayoni koordinatori: Mavzu jihatdan — ha, ya’ni biz an’anaviy maktabda o‘tiladigan mavzularni o‘tamiz. Biroq darslar, topshiriqlar, testlarning mazmunini o‘zimiz ishlab chiqamiz.
— Masalan, 5-sinf uchun matematikani olaylik: siz bolalarga beradigan topshiriqlar vazirlik tomonidan tasdiqlangan darslikdan olinganmi yoki mutaxassislaringiz tomonidan ishlab chiqilganmi?
Lola Fayziyeva: Topshiriqlarni o‘zimiz tuzamiz. Ya’ni, an’anaviy maktabda davlat standarti bo‘yicha o‘tilishi kerak bo‘lgan o‘sha mavzular, rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan o‘sha ko‘nikma va malakalar, lekin o‘zimizning materiallarimiz asosida.
Feruza Vahobova: Ba’zi fanlarda biz o‘quvchilarni bilim darajasiga ko‘ra guruhlarga ajratamiz va dars mazmunini ularning darajasiga mos tarzda beramiz. Masalan, ingliz tili — bir sinfda boshlang‘ich darajadagi bolalar ham, B2 darajadagi bolalar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu yerda biz darajaga e’tibor qaratamiz — masalan, A1 darajali darsda 5-sinf, 6-sinf va 7-sinf o‘quvchilari bo‘lishi mumkin. O‘quvchi joriy darajani tugatmaguncha keyingi darajaga o‘tmaydi.
— Asinxron darslarda o‘quvchilarning bilimi qanday tekshirilishi bo‘yicha yuqorida aytib o‘tdingiz, sinxron darslarda baholash qanday o‘tkaziladi?
Lola Fayziyeva: Bu yerda baholashning turli usullari qo‘llanishi mumkin: fanning o‘ziga qarab ochiq turdagi topshiriqlar, amaliy mashg‘ulot yoki laboratoriya ishlari, jamoaviy loyihalar va hokazo. Masalan, agar bu algebra yoki geometriya bo‘lsa, baholash ochiq turdagi topshiriqlar — masala va tenglamalarni yechish vositasida bo‘lishi mumkin, fizika yoki kimyo bo‘yicha baholash amaliy mashg‘ulot yoki laboratoriya ishlari orqali amalga oshiriladi. Laboratoriya ishlari, o‘z navbatida, virtual laboratoriya (trenajyor)dan foydalangan holda topshiriqlarni yoki o‘quvchilar uyda yordamchi vositalar yordamida bajaradigan va natijani o‘qituvchiga hisobot yoki videohisobot shaklida yuboradigan tajribalarni o‘z ichiga olishi mumkin. Har bir topshiriqqa uni qanday bajarish va natijani o‘qituvchiga qanday yuborish kerakligi haqidagi yo‘riqnoma ilova qilinadi.
Abduvali Ismatullayev: Baholash metodikasi bir necha ish turidan iborat. Formativ baholash — o‘quvchining faolligini, xususan, darsda qanday ishtirok etishi, o‘qituvchining savollariga javob berishi, uy vazifalarini bajarishi va boshqalarni tahlil qilish. Uyga berilgan topshiriqlar tekshirib, o‘z mulohazalarini bildirishi uchun o‘qituvchiga yuboriladi. Shuningdek, LeaderOnline platformasida bajariladigan maxsus avtomatik tekshiriladigan testlar ham mavjud bo‘lib, bu ham formativ baholashning bir qismidir.
O‘quvchining choraklik bahosi ham o‘quvchi tomonidan bajariladigan va o‘qituvchiga MSTeams platformasi orqali yuboriladigan ochiq turdagi topshiriqlar va o‘quvchilar bir vaqtda yozadigan nazorat ishlari uchun berilgan baholardan jamlanadi. Asosiy fanlar, masalan, tillar, tabiatshunoslik bo‘yicha ham biz o‘quvchilar ma’lum bir vaqt, masalan, bir oy davomida bajaradigan va ma’lum bir muddatgacha topshiradigan loyihalar — ishlarni beramiz. Bu, shuningdek, bolalarda rejalashtirish va vaqtni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Feruza Vahobova: Vazirlik tomonidan joriy qilinayotgan mezonga asoslangan baholash tizimini joriy etishga harakat qildik, lekin natija bermadi.
Mening nazarimda, har bir maktabning aynan shu maktab va uning kontingenti ta’lim maqsadlariga moslashtirilgan o‘z baholash siyosati bo‘lishi kerak. “Skelet” — baholashning umumiy qoidalari — hamma uchun umumiy bo‘lishi mumkin, lekin “mushaklar”ni — yondashuvlar va mazmunni — maktabning o‘zi “o‘stirishi” lozim.
— Bolalar topshiriqlarni o‘zlari bajarishi va ko‘chirmasligini qanday nazorat qilasiz?
Lola Fayziyeva: O‘qituvchilar bolaning turli xil ishlarda olgan baholarini taqqoslashi va nomutanosibliklarni aniqlashi mumkin. Masalan, bola darslarda sust javob bergan, lekin nazorat ishini kutilmaganda “a’lo”ga yozgan bo‘lsa, o‘qituvchida savollar paydo bo‘lishi va u ishni o‘zi bajarganligiga ishonch hosil qilish uchun bola bilan alohida gaplashishi mumkin. Jismoniy tarbiya bo‘yicha yakuniy imtihonlar yoki me’yorlarni topshirish kabi ba’zi ishlar oflayn tarzda amalga oshiriladi — o‘quvchilardan ularni topshirish uchun maktabga kelishlarini so‘raymiz.
Feruza Vahobova: Bola o‘z ishining baholanish mezonlari — qanday ish uchun “5”, “4” va hokazo baho olishini biladi. O‘z ta’limi uchun o‘zi mas’ul ekanligini tushunganida, bola aldamaydi. Biz boshidanoq bolaga o‘z ta’lim-tarbiyasi uchun ota-onasi yoki boshqalar emas, balki aynan o‘zi mas’ul ekanligini tushuntiramiz. Mas’uliyat — onlayn ta’limda rivojlantiriladigan sifatlardan biridir.
— Onlayn maktabga kimlar — qanday toifadagi o‘quvchilar “qatnaydi”?
Feruza Vahobova: Turli sabablarga ko‘ra an’anaviy maktabga qatnay olmaydigan bolalar bor. Bular uzoq vaqt davomida xorijda bo‘lib turgan, masalan, sport musobaqalarida ishtirok etayotgan yoki ota-onasining uzoq muddatli xizmat safarlarida ular bilan birga yashaydigan bolalar bo‘lishi mumkin.
Onkologik kasalliklarga chalinib, bizda yoki chet elda uzoq muddatli davolanish kurslaridan o‘tayotgan bolalar yoki, aytaylik, bolalar serebral falaji tufayli harakatlana olmaydigan bolalar bor. Diqqat yetishmasligi va giperfaollik sindromi yoki autizm bilan kasallangan bolalar ham bor.
Masalan, bizda autizmga chalingan o‘quvchi qiz bor, u har kuni o‘qish uchun bu yerga keladi. Asotsial xulq-atvor tufayli ta’lim olishda qiynalayotgan bolalar ham mavjud. Ma’lum bo‘lishicha, shunday kasalliklar borki, ular tufayli maktabga qatnash imkonsiz. Bir holat bo‘lgan edi — “kapalak kasalligi” (bullyoz epidermoliz) bilan og‘rigan bola — unga hech narsaga teginish mumkin emasdi.
Ta’limda inklyuzivlik haqida gapirayotganimizga qaramay, bizda hali ham turli toifadagi bolalar uchun qulay muhit bilan bog‘liq muammolar mavjud. Biz turli toifadagi bolalar uchun individual yondashuv, individual yechim topishga harakat qilamiz.
Shuni ham tushunish kerakki, turli sabablarga ko‘ra farzandlarini maktabga yuborishni xohlamaydigan yoki yubora olmaydigan ota-onalar ham bor. Masalan, oilada yosh bola yoki keksa buvi va bobo bo‘ladi va bola ota-onasi ishda bo‘lganida ularga g‘amxo‘rlik qilishga yordam beradi, chunki yordamlashadigan boshqa hech kim yo‘q. Yoki maktabda o‘qituvchilar yetishmaydi va ota-onalar bola maktabda vaqtini shunchaki behuda o‘tkazadi, deb hisoblaydi.
Shunday holat ham bo‘lganki, maktabda bulling va stress tufayli bolada qondagi qand miqdori oshgan, ota-onalar buni bilib qolib, bolani maktabga yuborishni xohlamagan. (UNICEF tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston ta’lim sektorining tahliliga ko‘ra, o‘quvchilarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i u yoki bu ko‘rinishdagi bullingga duchor bo‘ladi, bu ularning ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi — tahr.).
Shunday bolalar ham borki, ular maktab yoshidanoq ishlashga va oilasiga yordam berishga majbur. Qonunchilik bunga to‘sqinlik qilmaydi, bizda 16 yoshdan ishlashga ruxsat berilgan. Onlayn format bunday bolalarga maktabni tamomlab, o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnomani olish imkonini beradi.
Tajriba natijalariga ko‘ra, bizda bolalarning maktabga bormasligi sabablarini tahlil qilish va tizimlashtirish imkoniyati bo‘ladi.
Ushbu onlayn maktab tajribasi orqali onlayn shaklda to‘laqonli o‘rta ta’lim olish mumkinligini va u turli sabablarga ko‘ra an’anaviy maktabga bormaydigan yoki bora olmaydigan bolalar uchun qulay ekanligini isbotlamoqchimiz.
— Onlayn maktabda bolalarni ijtimoiylashtirish muammosi qanday hal etilmoqda? Axir, mening tushunishimcha, onlayn ta’limda “jonli” muloqot mavjud emas?
Feruza Vahobova: Muloqot bor, shunchaki raqamli formatda amalga oshiriladi. Biz turli fanlar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazamiz, bolalar guruh loyihalarini bajarishadi. Bundan tashqari, biz vaqti-vaqti bilan — oyda bir yoki har chorakda bir marta — bolalar uchun oflayn tadbirlar, muloqot yoki jamoaviy ish bo‘yicha treninglar o‘tkazamiz, filmlar tomosha qilamiz va muhokama qilamiz, bouling o‘ynaymiz, ko‘rgazmalarga, muzeylarga boramiz, tabiat qo‘yniga sayohat qilamiz va hokazo.
Lola Fayziyeva: Shu vaqtgacha faqat onlayn formatda “uchrashib”, birgalikda qandaydir loyihani bajargan bolalarning keyinchalik jonli tarzda uchrashuvini kuzatish qiziq: avvaliga ular bir-biriga “sinchkovlik bilan ko‘z yugurtirishadi”, lekin shundan keyin butunlay boshqa darajadagi aloqa o‘rnatiladi.
— An’anaviy maktabda muayyan vazifalarni bajaradigan odamlar bor: direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, o‘qituvchilar va boshqalar. Onlayn maktabda an’anaviy maktabda mavjud bo‘lmagan vazifalar bormi?
Feruza Vahobova: Kontentni “qadoqlovchi”lar bor — ular kontentni raqamli muhitda bolaga yetkazishga yordam beradi. Darslarni ishlab chiquvchilar jamoasidan iborat metodik bo‘lim mavjud. Har bir dars — xuddi yangi bolaning tug‘ilishidek gap. Pedagog dars ssenariysini yozgach, uni metodik bo‘lim tahlil qiladi, yangi avlod psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda qanchalik malakali ishlab chiqilganligini ko‘radi.
Hozirgi avlod — raqamli dunyo bolalari, ularga dinamika, ma’lumotlarning ko‘rgazmaliligi, o‘yinlashtirish yoqadi va o‘qituvchi darsni rejalashtirishda motivlashtirish bosqichidan boshlab — nima uchun biz u yoki bu mavzuni o‘rganamiz — o‘z-o‘zini tahlil qilish uchun topshiriqlar bilan yakunlashgacha hammasini hisobga olishi kerak. Onlayn maktab o‘qituvchisining o‘zi ham an’anaviy maktab o‘qituvchisidan farq qiladi — bu yerda oddiy maktabga qaraganda biroz boshqacha ko‘nikmalar talab etiladi.
Lola Fayziyeva: Onlayn maktabda tyutorlar bor — ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi “ko‘prik”. Ularning asosiy vazifasi — o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, turli vaziyatlarda yordam berishdir. Shuningdek, ular u yoki bu fanlardan orqada qolayotgan bolalar uchun tuzatish kurslarini ishlab chiqishda yordam beradi. Masalan, kasrlar bo‘yicha kurs ishlab chiqdik, chunki 4-sinfning 3-choragida bolalar kasrlarni o‘rganadi, keyin ta’til boshlanadi va 5-sinfda kasrlar mavzusi bo‘yicha topshiriqlar beriladi, bolalar esa yozda mavzuni unutishga ulguradi. Kasrlar kursi bu bo‘shliqni bartaraf etishga yordam beradi. Hozir matematika orqali moliyaviy savodxonlik kursini o‘tishni ham boshladik.
— Onlayn ta’limni tashkil etishda siz duch kelayotgan eng katta muammolar nimalardan iborat?
Abduvali Ismatullayev: AKT ko‘nikmalari, aniqrog‘i, ularning yetishmasligi.
Lola Fayziyeva: Va yo‘riqnomalarni o‘qiy olmaslik. Bolalar, ko‘pincha ularning ota-onalari ham ko‘rsatmalarni o‘qishni, ularga qadam-baqadam amal qilishni bilmaydi — umuman olganda, odamlarimiz ma’lumotni “yuzaki” qabul qilishni afzal ko‘radi. Masalan, telefonda tizimda qanday to‘g‘ri avtorizatsiyadan o‘tishni tushuntiramiz, foydalanuvchi esa: “Men hammasini qilyapman, lekin uddalay olmayapman”, deydi. Biz: “Iltimos, qadam-baqadam harakat qilaylik”, deymiz va oxiri: “Voy, o‘xshadi”, degan javob olamiz.
Feruza Vahobova: Yana bir jiddiy muammo — bolalarning aksariyati o‘qishni bilmaydi. O‘z-o‘zini tashkil etish, o‘z ta’limi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, o‘z-o‘zini intizomga solish kabi ko‘nikmalarga ega emas. Boladan yoki hatto ota-onadan ta’limning maqsadi haqida so‘rasangiz — ko‘pchilikda bu faqat shahodatnoma olishga borib taqaladi. Xo‘sh, bola shahodatnoma oladi, keyin-chi? Masalan, u universitetga kirishga qaror qildi, u yerda ham baribir o‘qish kerak-ku axir.
Umuman, hozirgi bolalar o‘qishi va muntazam qayta o‘qishi kerak. Bu doimiy o‘zgarib borayotgan dunyoning talabidir.
— Bu muammoni qanday hal qilasiz?
Feruza Vahobova: Ota-onalar bilan juda ko‘p ishlaymiz, ular uchun vebinarlar o‘tkazamiz. Bizda ta’lim masalalari bo‘yicha ma’lumot yuborib turiladigan kanal bor. Jumladan, onlayn formatdagi ta’lim haqida ham. Ota-onalar uchun tushunarli tilda u yoki bu usullar nima uchun kerakligi, bolalarni qo‘llab-quvvatlash vositalari, ta’lim strategiyalari va boshqa narsalar haqidagi materiallarni e’lon qilamiz. Shu asnoda ota-onalarning ta’lim sifatiga ta’siri masalalarida ularning bilimini oshirishga harakat qilamiz.
Shunday ota-onalar borki, ular o‘z farzandlariga haddan tashqari g‘amxo‘rlik qiladi, qayerga o‘qishga kirish va nima o‘qishni ular uchun o‘zlari hal qiladi, farzandlariga ta’limda faqat bitta yo‘nalish berishni xohlaydi. Masalan, ota-onalar “farzandim dasturchi bo‘ladi”, deb qaror qiladi va bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlaydigan boshqa fan sohalarini e’tiborsiz qoldirib, faqat shunga yopishib oladi.
Biz dunyo doimiy ravishda o‘zgarib turishi, texnologiyalar ham o‘zgarishi mumkinligini tushuntirishga harakat qilamiz. Dasturlarning tor yo‘naltirilganligi o‘zgarishlarga moslashuvchanlikni ta’minlay olmaydi. Tasavvur qiling, inson 25 yoshga kelib dasturchi sifatida o‘z qobiliyatini yo‘qotadi yoki shu kasbning o‘zi dolzarbligini yo‘qotadi, xo‘sh, keyin-chi? Shuning uchun ota-onalar bilan bu yo‘nalishda juda ko‘p ishlashga va bolalarning muvaffaqiyat istiqbollarini ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Bu ularning hozirgi bilimi va qobiliyati emas, balki kelajakda qanday inson bo‘lib yetishishi bilan bog‘liq.
Yana bir muammo — me’yoriy-huquqiy bazaning yetishmasligi yoki qonunchilikdagi katta bo‘shliqlar. Masalan, Milliy gvardiyaning maktablarda davomat bilan bog‘liq muammolarga jalb qilinishi. Maqsad bolalarni maktab ta’limi bilan qamrab olish, biroq onlayn ta’lim oluvchi bolalarni hisobga olish mexanizmi ishlab chiqilmagani sababli, ko‘pincha alohida hal qilinishi kerak bo‘lgan vaziyatlar paydo bo‘ladi.
Milliy gvardiya vakili bolaning uyiga kelib, “Nega maktabga bormayapsan?”, deb so‘raydi. “Men o‘qiyapman, lekin onlayn o‘qiyapman”. Keyin Milliy gvardiya bizga murojaat qiladi: “Haqiqatan ham falon bola sizda o‘qiydimi?”. Va biz bolaning shunchaki uyda o‘tirmaganini, haqiqatan ham bizda ta’lim olayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma beramiz.
Yoki qonunchilikda hal etilmagan boshqa muammo: uzoq muddatli davolanishga ketayotgan yoki uzoq muddatli xizmat safarida ota-onasiga hamrohlik qilayotgan bolalar bilan nima qilish kerak, ularni qanday ro‘yxatdan o‘tkazish kerak? Har bir holatni Adliya vazirligi bilan alohida muhokama qilishga to‘g‘ri keladi, chunki bu bizning zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi: biz bolaning haqiqatan ham davolanishga yoki musobaqaga ketayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Ya’ni, onlayn maktab kontentini ishlab chiqish yoki onlayn ta’limni tashkil etishning texnik jihatlarini hal qilishdan tashqari, bunday tashkiliy va huquqiy masalalar ham hal qilinadi.
Bizda ko‘rib chiqish va u yoki bu vaziyatlarda qanday harakat qilish algoritmini ishlab chiqishda yordam berishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab holatlar to‘plangan. Masalan, farzandlari 9-sinfdan keyin o‘qimagan yoki qaysidir sinfni o‘tkazib yuborgan va hozir o‘qishni xohlayotgan ota-onalar murojaat qiladi. Lekin qonunchilikda bunday vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqida hech qanday tartib-taomil yo‘q. Ko‘pgina mamlakatlarda homeschooling (uyda ta’lim olish) tushunchasi mavjud, biroq bizda hali uyda ta’lim olishni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmagan.
Tajriba-sinov natijasida me’yoriy asos — onlayn ta’limni tartibga soluvchi nizom va yo‘riqnomalar paydo bo‘lishi kerak. Mening fikrimcha, onlayn ta’lim turli toifadagi bolalar uchun ta’lim olish imkoniyatini ochadigan shakl hisoblanadi.
Tajriba o‘tkazayotganimizga uch yil bo‘ldi. Ko‘p narsani boshdan kechirdik, qayta ko‘rib chiqdik, qayta ishladik. Jamoaviy ish va masofaviy ta’lim sohasidagi tadqiqotlar natijalariga asoslangan ilmiy yondashuv ishimizning sifatini belgilaydi.
Bu O‘zbekistondagi birinchi Edtech loyihasi ekanligini hisobga olsak, biz bolalar ta’limi uchun katta mas’uliyatni his qilamiz. O‘rgatamiz va o‘zimiz ham muntazam ravishda rivojlanib boramiz.
Ota-onalar bizga ishona boshlagani, bolalarda esa o‘qishga bo‘lgan tabiiy istak qaytayotgani bizni harakatga undaydi.
Shuningdek, onlayn ta’lim — bu mamlakatdagi maktablarda yiliga 1 millionga o‘sib borayotgan o‘quvchi o‘rinlari yetishmovchiligi muammosining yechimi ham, deb hisoblayman.