Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
2024-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 36 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘p.
Birlamchi bosqichda 18 mingdan ortiq tibbiy brigadalar faoliyat yuritadi. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam xizmatlarida 500 dan ortiq yangi diagnostika va 800 dan ortiq davolash usullari o‘zlashtirildi.
Birlamchi bo‘g‘inda 6 turdagi skrining tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 106 ming odamda qandli diabet, 194 ming nafarida yurak qon-tomir, 2 mingdan ziyod ayolda saraton, mingga yaqin bolalarda onkogematologik kasallik erta bosqichda aniqlandi.
Ikki mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta o‘qitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetdi. 43 ta yo‘nalishdagi 191 ta klinik protokol xalqaro andozalar asosida yangilandi, deyiladi xabarda.
Ixtisoslashgan markazlar va filiallarda bu yil 100 ming bemor imtiyozli yo‘llanma asosida davolandi. 7 ta ixtisoslashgan markaz sifat nazorati bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.
2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu joriy yilga nisbatan 14,3 foizga ko‘p. Bu mablag‘lar yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish va tibbiy ko‘riklar qamrovini oshirishga yo‘naltiriladi, deyiladi yig‘ilishda.
Davlat rahbari bu sohadagi asosiy vazifa — birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish ekanini ta’kidladi. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Bu bo‘yicha turkiyalik ekspertlar 6 ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini tizimli isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi bo‘g‘in transformatsiyasi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash topshirildi.
Ushbu yo‘nalish xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi. Nazariy bilim va ko‘nikmalarni egallashdan kompetensiyalarni rivojlantirishga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Kelgusi yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari ham oshiriladi. Oilaviy shifokorlarga mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.
Yana 35 ta yo‘nalishdagi 400 ta milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi. 7 ta ixtisoslashgan markaz va 2 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratilib, tibbiy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan hamohangligini mustahkamlash, bitiruvchilarning birlamchi bo‘g‘inda tajriba orttirishini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.