Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi Qirqqizobod qishlog‘ida och bo‘rilar kezib yurgani haqida videomurojaat tarqaldi. Tuman hokimligi matbuot xizmati ushbu ma’lumotga izoh berdi.
Qirqqizobod qishlog‘i tog‘li hududda joylashgani bois har qishda, ayniqsa, tog‘larga qor tushganda, aholi yashaydigan joylarga yovvoyi hayvonlar, jumladan, bo‘rilar kirib keladi, deya tushuntirdi hokimiyat.
“Bugun erta tongdan boshlab yovvoyi hayvonlarni tutuvchi maxsus guruh hududga jalb etildi. Hozirda bo‘rilarni qidirish va ularni zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qo‘lga olingan bo‘rilarni hayvonot bog‘iga jo‘natish rejalashtirilgan, u yerda ularning tabiiy yashash joylariga yaqin sharoitlar yaratiladi, deyiladi Piskent tumani hokimligi xabarida. Qayd etilishicha, shu kungacha mahalliy aholiga hech qanday zarar yetmagan.