Ushbu suhbat dastlab 2024-yil 30-oktabrda rus tilida e’lon qilingan.

Texnologiyalar sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Women in Tech xalqaro tarmog‘i O‘zbekistonda 2024-yilning 2-martidan o‘z faoliyatini boshlagan edi. Loyihaga 2018-yilda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasi mutaxassisi Ayumi Mur Aoki asos solgan. Dastlab u ko‘ngillilar harakati sifatida tashkil etilgan va 2030-yilgacha fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika (STEAM) sohalarida 5 mln xotin-qizni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Bugunga kelib Women in Tech (WIT) vakolatxonalari dunyoning 60 mamlakatida faoliyat yuritmoqda va 300 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan. Tarmoq har yili xalqaro mukofotlar ta’sis etadi, sammitlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston ushbu tashabbusni qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat bo‘ldi. Ayumi Mur Aokining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘g‘ri texnologik yo‘nalishda rivojlanyapti va gender tengligini ta’minlash, STEAMʼda xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularni bu sohada qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda. “Gazeta.uz” Ayumi Mur Aoki bilan O‘zbekistonda global hamjamiyatni rivojlantirish va ayollarni qo‘llab-quvvatlash haqida suhbatlashdi.

ayollar, ayumi mur aoki, women in tech

— Women in Tech qanday sohalarni qamrab oladi? Ushbu tashabbusda qaysi kasb va qiziqishlarga ega ayollar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishi mumkin?

— Women in Tech to‘rtta asosiy yo‘nalishga tayanadi: ta’lim, biznes, raqamli inklyuziya va huquqlarni himoya qilish. Bu yo‘nalishlar ishtirokchilarga STEAMʼda karera qurish uchun tegishli ko‘nikmalarni o‘rgatishda kompleks yondashuvni qo‘llaydi va barcha uchun raqamli imkoniyatlardan foydalanishni ta’minlaydi. Shuningdek, ular yetakchi ayollar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda texnologiya sohasidagi gender stereotiplarni bartaraf etishga yordam beradi.

So‘nggi yillarda biz kiberxavfsizlik va sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratyapmiz, chunki kelajakda bu soha mutaxassislariga talab yuqori bo‘ladi.

Asosiy vazifamiz — ayollarning to‘rtinchi sanoat inqilobidagi ishtirokini ta’minlash. Shu sababli, kasbi va qiziqishlaridan qat’i nazar, barcha ayollar loyihada ishtirok etishga taklif etiladi.

— Ayollar qanday qilib Women in Tech loyihasi ishtirokchisiga aylanadi va buning uchun nima qilish kerak?

— Women in Tech jamoasi barchaga ochiq. Ishtirok etish bepul. Jamoaga qo‘shilish uchun saytimizda ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Ro‘yxatdan o‘tgach, siz Women in Tech platformasiga kirish imkoniga ega bo‘lasiz. Platforma yordamida dunyoning turli burchagidan bo‘lgan ishtirokchilar bilan tanishish, mahalliy va onlayn tadbirlarda qatnashish, shuningdek, ta’lim dasturlari va mentorlikdan foydalanish mumkin. Biz ko‘ngilli va ambassador bo‘lish istagida bo‘lgan barchani mamnuniyat bilan kutib olamiz.

— Tashkilot O‘zbekiston ayollariga qanday yordam ko‘rsatyapti?

— Toshkent va Samarqandga borganimda O‘zbekiston aholisi asosan yoshlar ekanini payqadim. Ularga texnologiya sohasidagi o‘z qiziqishlarini amalga oshirish uchun — kiberxavfsizlik bo‘ladimi, marketing, kommunikatsiya yoki dizayn bo‘ladimi, farqi yo‘q — yangi vositalar, ko‘nikmalar va resurslar kerak.

ayollar, ayumi mur aoki, women in tech

Women in Tech ayollarga o‘zlari chinakamiga qiziqqan yo‘nalishni tanlash va unda rivojlanish imkoniyatini beradi — ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdan tortib to karera qurishgacha. Ayniqsa, sun’iy intellekt va blokcheyn kabi zamonaviy va istiqbolli texnologiyalar dolzarb. Shunga qaramay, tanlov har bir ishtirokchining shaxsiy intilishlari, iste’dodi va qiziqishlariga bog‘liq.

— Global va mahalliy darajada tashkilot iqtisodiyoti qanday shakllanadi? Global va milliy jamg‘armalar mablag‘lari qanday sarflanadi?

— Women in Tech loyihasini moliyalashtirish ancha murakkab masala, chunki tashkilot to‘liq mustaqil. Buning o‘ziga xos sababi bor: biz siyosiy, davlat va diniy tuzilmalardan mustaqil qolishni istaymiz. Shuning uchun biz faqat xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilamiz, bu bizning barqarorligimizni ta’minlaydi. Homiylik doirasida kunduzgi dasturlar, kompaniyalarga tashriflar va boshqa loyihalarni amalga oshiramiz. Bu bizga asosiy ehtiyojlarni qoplash uchun, to‘liq bo‘lmasa-da, ma’lum darajada moliyaviy barqarorlik beradi.

Barcha mahalliy bo‘linmalarimiz ko‘ngillilar va hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Ularning yordamida biz ayollarni texnologiyalarga o‘rgatish uchun xavfsiz muhit yaratamiz, mentorlik dasturlari va ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yamiz, tajriba almashish uchun keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etamiz va ishtirokchilarga o‘z salohiyatini namoyon etishga ko‘maklashamiz. Bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 80 mingdan ortiq ayolni o‘qitdik va Janubiy Afrika hamda Braziliyada uchta o‘quv markazi ochdik.

Milliy darajadagi loyihalarni moliyalashtirish uchun alohida shartnomalar tuziladi. Shartlardan kelib chiqib, kompaniya dastur uchun faqat Toshkent shahriga yoki butun Markaziy Osiyoga mablag‘ ajratishi mumkin. Kompaniya bilan investitsiya miqdori va kutilayotgan natijalar ko‘rsatilgan shartnoma imzolanadi. Barcha xarajatlar sinchkovlik bilan nazorat qilinadi va hujjatlashtiriladi, bu esa natijalar va jamiyatga ta’siri to‘g‘risida shaffof hisobotlarni ta’minlaydi.

— Tashkilot O‘zbekistonda qay darajada qo‘llab-quvvatlanmoqda?

— Shunisi quvonarliki, O‘zbekistondagi jamoa o‘z faoliyatini boshlanganidan beri har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova jamoaning barcha asosiy tashabbuslarida faol ishtirok etyapti va O‘zbekiston hududida tashkilotimiz homiysi hisoblanadi. Bundan tashqari, 19-oktabrda Women in Tech va mahalliy kompaniyalar o‘rtasida bir qator memorandumlar imzolandi. Bu kompaniyalar allaqachon hamjamiyatni turli yo‘nalishlarda, xususan, resurslar, tadbirlar, ta’lim, axborot tarqatish va boshqalar borasida qo‘llab-quvvatlashni boshladi.

Women in Techʼni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydigan kompaniyalar orasida O‘zbekiston Fin-Tex Assotsiatsiyasi, IT Community of Uzbekistan, Uzum, UzInfocom, IT Park, ITCOMMS, IMPACT.T, IT Park University, TBC bor. UzInfocom ko‘magida “Ayol yo‘li” qisqa metrajli filmining birinchi qismi olindi. U STEM sohasida qizlarning ota-onalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining ahamiyatiga bag‘ishlangan.

ayollar, ayumi mur aoki, women in tech

— Tashkilot Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) sohasida qaysi maqsadlarni amalga oshirishga intilyapti?

— Biz Barqaror rivojlanishning bir necha maqsadlariga e’tibor qaratyapmiz, ularning asosiysi — 5B BRM. U texnologiya va innovatsiyalar sohasida ayollar va qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Biz ayollarning STEM sohalarida loyihalarni boshqarishlari, yangi innovatsiyalarda ishtirok etishlari, yetakchi lavozimlarni egallashlariga e’tibor qaratamiz. Bu maqsadlarga to‘rtta asosiy yo‘nalish doirasida erishish mumkin: ta’lim, tadbirkorlik, fan va innovatsiyalar hamda ijtimoiy inklyuzivlik.

— Ayollarning rahbarlik lavozimlarida tajribasi kam va, biznes nuqtai nazaridan, eng samarali xodim — erkakni tanlash afzalroq bo‘lgani uchun ularga o‘zlarini namoyon qilish imkoniyatini berishdan ma’no yo‘q, degan fikr bor. Siz bunga qanday qaraysiz?

— Shuni tushunish muhimki, erkaklar va ayollarga nisbatan yondashuvlar va qarashlardagi tafovut ko‘pincha bolalikdan — bolalar uchun tanlanadigan o‘yinchoqlardan boshlab shakllanadi. Bu farqlar ayollarni rahbarlik lavozimlarida cheklash uchun asos bo‘lmasligi kerak. Erkaklar va ayollar birgalikda ishlaganda, ularning o‘ziga xos yondashuvlari va g‘oyalari loyihalarni yanada muvaffaqiyatli va kreativ qiladi. Hamkorlikda ishlash kengroq fikrlashga va yuqori natijalarga erishishga imkon beradi. Rahbarlikda ayollarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega, chunki aynan rahbarlik korporativ madaniyatni belgilaydi va o‘zgarishlarni boshqaradi. Rahbarlik lavozimlaridagi ayollar xilma-xillik biznes uchun foydali ekanligini hamda ishonch, malaka va voqealar rivojini oldindan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega holda boshqarishga qodir ekanliklarini isbotlamoqda.

Sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarning kirib kelishi bilan ayollarning boshqaruvdagi ishtirokining ahamiyati yanada ortyapti, chunki sun’iy intellekt noxolis bo‘lishi mumkin. Bu stereotiplarni yengib o‘tish va adolatli qarorlar qabul qilish uchun insonning ishtiroki talab etiladi. Shuning uchun bizga jamiyatning faqat bir qismi emas, balki kompaniya rivojlanishida ishtirok etuvchi barcha a’zolar tomonidan qabul qilinadigan qarorlar kerak.

— Ayollarning qanday manfaatlarini himoya qilish kerak va ular o‘rtasida global umumiy manfaatlar bormi?

— Ko‘plab mamlakatlarda umumiy manfaatlar va chaqiriqlar mavjud. Bular xotin-qizlar uchun kasb tanlashdagi stereotiplar, ongsiz ravishda shakllangan noto‘g‘ri qarashlar va cheklovlarni bartaraf etishdir. Biroq O‘zbekistondagi yoshlarning madaniy merosni va o‘zligini saqlagan holda kelajakka qarab yashayotgani meni hayratga solmoqda. Ular an’analarni innovatsiya va texnologiyalarga intilish bilan uyg‘unlashtirishga qodir. Ayniqsa, qizlar vazminlik va kamtarlikni saqlab qolgani holda, o‘zlariga ishonchi ortib, yetakchilik lavozimlariga intilayotgani ilhomlantiradi. Ularning o‘zgarishlarga tayyorligi va rivojlanishga intilishining guvohi bo‘lib turibman.

ayollar, ayumi mur aoki, women in tech

— Women in Tech faoliyati o‘g‘il bolalar va erkaklar hayotiga ta’sir qiladimi?

— Women in Tech — bu shunchaki ayollar tashabbusi emas, balki jamiyatning barcha a’zolariga foyda keltiradigan va umuman mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shadigan harakatdir. Texnologik sohada xotin-qizlarning ko‘payishi ko‘p jihatdan ijobiy o‘zgarishlarni yuzaga keltiryapti. Aralash jamoalar tomonidan boshqariladigan startaplar va kompaniyalar yaxshiroq moliyaviy natijalarga erishmoqda va yanada muvaffaqiyatli bo‘lib boryapti.

Ta’lim va shaxsiy rivojlanish sohasida kasbiy o‘sish uchun yangi ufqlar ochilyapti va bu imkoniyatlar jinsidan qat’i nazar barcha uchun ochiq. Ayniqsa, bolalarning onalari innovatsiyalar va mashaqqatli mehnat orqali jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasiga guvoh bo‘lishlari muhim ahamiyatga ega. Keyinchalik bu ularda teng imkoniyatlar va kasbiy rivojlanishning qadriyatlari borasida to‘g‘ri tushunchalarni shakllantiradi.

Ham ota, ham onaning muayyan kasbda o‘zini namoyon qilishi oilani nafaqat moddiy, balki ma’naviy jihatdan ham boyitadi. Yanada muvozanatlashgan ijtimoiy muhit shakllanib, oilalarning iqtisodiy farovonligi yaxshilanishi kelgusi avlodlar taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi. Shu tariqa, Women in Tech faoliyati har bir kishi o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqara oladigan yanada ilg‘or va farovon jamiyat qurilishiga hissa qo‘shmoqda.