20-dekabr kuni “E-auksion” platformasida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” bozori hududi, bino va inshootlari uchun o‘tkazilgan auksion yakunlandi.

Ikki qatnashchi ishtirokidagi auksion 15 daqiqa davom etdi va Sheng Ke-International kompaniyasidan 225,59 milliard so‘m yoki boshlang‘ich narxdan 5 foizga yuqori bo‘lgan yagona stavkadan so‘ng yakunlandi.

аския bozori, киmошди

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya joriy yilning 23-may kuni ro‘yxatdan o‘tgan va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 68 mlrd so‘mni tashkil etadi. Yagona ta’sischisi Qozog‘istondagi xuddi shu nomdagi MCHJ, rahbari esa Chen Maysyuan (Chen Maiquan) ko‘rsatilgan.

O‘tgan hafta “Yangi Toshkent” loyihasi direksiyasi yangi shahar qurilishi bilan bog‘liq loyihalarni muhokama qilish uchun Sheng Ke-International rahbariyati bilan uchrashdi. Kompaniya vakillari shahar infratuzilmasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, deyiladi uchrashuv xabarida.

Rekonstruksiya to‘g‘risida

Noyabr oyida bozor aksiyadorlari boshlang‘ich qiymati 214,85 mlrd so‘m (taxminan $16,8 mln) bo‘lgan lotni QQS bilan birga savdoga chiqardi.

Xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni rekonstruksiya qilishi va uning hududida zamonaviy savdo-maishiy majmua, jumladan, maydoni kamida 3000 kv.m bo‘lgan ekobozor, 1200 kv.m bo‘lgan sovutish ombori va birinchi qavatda kamida 400 mashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh tashkil etishi kerak bo‘ladi.

Qurilish tugagandan so‘ng tadbirkor bozor aksiyadorlariga ularning narxidan qat’i nazar, umumiy maydoni 42 sotix bo‘lgan ekobozor, muzlatkichli omborxona va avtoturargohni berishi kerak. Natijada qolgan 1,4 gektar maydonni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf eta oladi.

Bosh reja (loyiha konsepsiyasi) qurilish ishlari boshlangunga qadar Toshkent shahar hokimligi bilan albatta kelishiladi. Bunda hududda joylashgan qishloq xo‘jaligi bozori loyiha hududi doirasida faqat ishlar boshlanganidan so‘ng dalolatnoma asosida boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin.

Majmuada qurilish ishlari qishloq xo‘jaligi bozori faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasdan, uning to‘liq funksionalligini saqlab qolgan holda amalga oshirilishi lozim. Qurilishi yakunlangach, uni bosqichma-bosqich ekobozor hududiga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, investor bozor hududida xususiy mulk egalari bilan muzokaralar olib borishi va kompensatsiyalar berishi yoki ular bilan kelishilgan holda ekvivalent maydonlar ajratishi shart bo‘ladi.

16-noyabr kuni Yakkasaroy tumani hokimligi tomonidan bozorni rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etildi. Tuman hokimi Nilufar Allabergenovaning aytishicha, bozor zamonaviy talablarga javob bermaydi, savdo rastalarining ochiq havoda joylashuvi noqulay ob-havo sharoitida tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tug‘diradi, avtoturargoh, bozorga kirish-chiqish bilan bog‘liq muammolar mavjud.

U eskirgan bozorni qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini va bir nechta investorlar o‘z takliflarini taqdim etganini aytdi. Loyiha doirasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida to‘rt yulduzli mehmonxona va yirik savdo markazi qurish, skameykalar, eskalatorlar, veloturargohlar, hojatxonalar va Wi-Fi zonasiga ega yashil hudud yaratish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq “Askiya” bozorida rejalashtirilgan o‘zgarishlar haqida sotuvchilar va xaridorlarning fikrini e’lon qilgandi.