Afg‘onistonning Sharqiy Paktika viloyatida seshanba kuni Pokiston armiyasi tomonidan uyushtirilgan bombardimon oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘ldi, deb yozmoqda Reuters.
Ularning aksariyati bolalar va ayollar edi, deya ma’lum qildi “Tolibon” vakili bu harakatlarga nisbatan qasos olishga va’da berib.
Portlash Afg‘onistonning to‘rtta hududida sodir bo‘ldi, olti kishi jarohat olgani qo‘shimcha qilindi.
“Afg‘oniston ushbu shafqatsiz harakatni barcha xalqaro tamoyillarning ochiqdan-ochiq buzilishi va tajovuzkor harakat deb biladi. Islom amirligi bunday qo‘rqoqlarcha harakatni javobsiz qoldirmaydi”, — dedi Milliy mudofaa vazirligi matbuot kotibi Enayatulloh Xorazmiy.
Pokistonning yuqori martabali xavfsizlik xodimi havo hujumlari chegara bo‘ylab “terrorchilar yashiringan joylarni” nishonga olganini aytdi.
Pokiston o‘z davlatida sodir bo‘lgan bir qancha hujumlar Afg‘oniston tuprog‘idan boshlanganini ta’kidlaydi — “Tolibon” bu ayblovni rad etadi.
Mart oyida “Tolibon” Pokistonni o‘z hududiga ikkita havo hujumi uyushtirganlikda ayblagandi, o‘shanda besh nafar ayol va bola halok bo‘lgan, bu ikki davlatning munosabatlarini yanada murakkablashtirgan. Pokiston Afg‘onistonda “razvedkaga asoslangan aksilterror operatsiyalarini” o‘tkazganini tan olgan, ammo operatsiyalarning mohiyatini aniqlashtirmagan.