O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Azerbaijan Airlines yo‘lovchi samolyotining qulashi oqibatida ko‘plab qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Davlatimiz rahbari barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi”, — dedi Asadov.

Avval xabar qilinganidek, Azerbaijan Airlines`ning Boku-Grozniy reysi Aqtauda halokatga uchragandi. Samolyot bortida ekipaj a’zolari bilan birga 67 kishi bo‘lgan. Ularning 37 nafari Ozarbayjon, 6 nafari Qozog‘iston, 3 nafari Qirg‘iziston, 16 nafari Rossiya fuqarolari.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 kishi, jumladan, 2 bola tirik qolgan, ularning barchasi shifoxonalarga yetkazilgan.