Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ga davlat kafolati ostida 66,4 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda, deb xabar berdi YeTTB “Gazeta.uz"ga.

Mablag‘lar Xorazm viloyatidagi Sarimoy va Navoiy viloyatidagi Muruntov aholi punktlari o‘rtasida 230 km uzunlikdagi 500 kV elektr uzatish liniyasini qurishga yo‘naltiriladi.

Loyiha energiya tizimidagi “tor joylar"ni bartaraf etishga va elektr ta’minotidagi uzilishlarni, ayniqsa, yuklama eng yuqori bo‘lgan davrlardagi uzilishlar kamayadi. Shuningdek, u bank ko‘magida ishlab chiqilgan O‘zbekiston energetikasini kam uglerodli rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilganidek, qayta tiklanadigan energiya manbalarining integratsiyalashuviga ko‘maklashadi.

Loyiha tufayli yiliga issiqxona gazlari chiqindilari 4143 tonna va elektr energiyasi yo‘qotishlari 34 636 mVt⋅s ga kamayishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov noyabr oyida O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida sezilarli yutuqlarga erishganini, ammo endi mamlakatga uni to‘plash va tashish uchun infratuzilma zarurligini aytgan edi.

“Infratuzilma shamol va quyosh kabi uzluksiz energiya manbalarini integratsiya qilish uchun juda muhim va ko‘plab mamlakatlar bu muammoga duch kelmoqda. Bizga kamida 5000 km elektr uzatish liniyalari, jumladan, 500 kV va 200 kV yuqori kuchlanishli liniyalar va podstansiyalar kerak”, — degandi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, joriy haftada Jahon banki Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasi loyihasini qo‘llab-quvvatlagani ma’lum bo‘ldi. U Fransiyaning Voltalia energetika kompaniyasiga qarashli Sarimay Foreign Enterprise kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Jahon banki tomonidan taqdim etilgan 3,5 million dollargacha bo‘lgan bank kafolati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan Sarimay Foreign Enterprise`da elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.