Eron hukumati WhatsApp messenjeri va Google Play ilovalar do‘koniga kirishni blokdan chiqarishga qaror qildi, deb xabar bermoqda IRNA agentligi.

Qaror Axborot xavfsizligi bo‘yicha Oliy kengashda ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi. Shu bilan birga, Oliy kengashda kibermakonda tartibga solinadigan boshqaruv muhimligi va mahalliy platformalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Foto: IRNAFoto: IRNA

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sattar Hoshimiy keyinroq o‘zining X sahifasida shunday yozdi: “Bugun biz birlik va hamkorlik bilan internet cheklovlarini bekor qilish bo‘yicha birinchi qadamni qo‘ydik. Prezidentga, ommaviy axborot vositalari va faollarga bu boradagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildiraman. Bunday birdamlikka har qachongidan ham ko‘proq muhtojmiz. Bu yo‘l davom etadi”.

Bloomberg`ning ta’kidlashicha, 2024-yil iyul oyida Eron prezidenti bo‘lgan Mas’ud Pezeshkiyon saylovoldi kampaniyasi davomida internet-senzurani yumshatishga va’da bergandi. “Eron hukumati internetga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun yillar davomida eronliklar, G‘arb hukumatlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va siyosiy faollar tomonidan tanqidga uchrab keladi. Rasmiylar — ularning aksariyati taqiqlangan ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining ommaviy hisoblarini yuritish uchun foydalanadi — ko‘pincha senzurani kamaytirish haqidagi va’dalarini bajarmaydi. Buning o‘rniga, so‘nggi 10 yil ichida sezilarli darajada oshdi”, — deb yozadi nashr.

WhatsApp, Google Play, shuningdek, Instagram Eronda 2022-yil kuzida 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi ortidan boshlangan norozilik namoyishlaridan so‘ng bloklangan. Axloq politsiyasi uni hijobni “noto‘g‘ri” o‘ragani uchun hibsga olgandi. Mamlakatda Facebook, X va YouTube 2009-yilda taqiqlangan. Eronda, shuningdek, TikTok va Telegram bloklangan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati aholining noroziligini hisobga olib, cheklovlarning bir qismini bekor qilishga qaror qilgan. Bunday qarorga kelishiga sabab, mamlakat G‘azodagi HAMAS va Livandagi “Hizbullah”ni qo‘llab-quvvatlagani uchun Isroil bilan mojaroga borgani bo‘lgan.