O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Jinoyat kodeksining 244-moddasiga (ommaviy tartibsizliklar) tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi va uni Senatga yubordi.

Amaldagi qonunchilikda ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik, ularda faol ishtirok etganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

JKning 244-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida ta’lim olganlik va ularni tashkil etishni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

11-dekabr kuni qonun loyihasi birinchi o‘qishda savollarsiz ma’qullandi. 24-dekabr kuni deputat Saydullo Azimov loyihaga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmaganini, fikr-mulohazalar ko‘proq matn tarjimasiga taalluqli ekanini va yuridik-texnik xususiyatga ega ekanini ma’lum qildi.

Nimalar o‘zgaradi

“Gazeta.uz"ning aniqlashicha, tuzatishlar bilan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida ta’lim olganlik uchun javobgarlik kiritish taklif qilinmoqda. Xususan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida o‘tkaziladigan o‘qishga qatnashish, shu jumladan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish bo‘yicha bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash, shuningdek, qurol-yarog‘, portlash qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va predmetlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha (112,5 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Bunda moddaning ushbu qismi bo‘yicha jinoyatni sodir etgan shaxs agar u hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Deputat Muqaddasxon Ahmedova shaxslarning rasmiylarga o‘quvdan o‘tgani haqida xabar berish va jinoiy javobgarlikdan qutulish uchun vaqt cheklovlari bormi, deb so‘radi.

Saydullo Azimov ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar jinoyat aniqlangunga qadar huquq-tartibot organlarini ixtiyoriy ravishda xabardor qilishi kerakligini ta’kidladi.

Deputat Diyor Husanov ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish uchun boshqalarni o‘qitayotgan shaxslarning javobgarligi haqida savol berdi. Azimovning ta’kidlashicha, bunday shaxslar uchun Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismida og‘irroq jazo nazarda tutilgan va bu ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish sifatida ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, moddaning 2-qismiga moliyalashtirish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda. Xususan, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talonchilik, portlatish, mulkka shikast yetkazish yoki yo‘q qilish, hokimiyat vakiliga qurol yoki qurol sifatida ishlatiladigan boshqa narsalarni qo‘llash yoki qo‘llash bilan qo‘rqitib qarshilik ko‘rsatish bilan birga sodir etiladigan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki moliyalashtirish, xuddi shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etishda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Asoslash

Qonun loyihasiga tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, “zamonaviy voqelikdan kelib chiqib, ushbu sohadagi milliy qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan”.

Milliy gvardiya ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlarda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklarda ularning tashkilotchilari maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, shuningdek, ushbu tartibsizliklarni moliyalashtirish holatlari aniqlangan.

Xorijiy davlatlar (Rossiya, Belarus va boshqalar) jinoyat qonunchiligini o‘rganish natijasida ma’lum bo‘lishicha, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida ta’lim olish hamda ularni moliyalashtirish uchun alohida javobgarlik belgilangan.

Shunga asoslanib va bunday salbiy hodisalarga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilgan, deyiladi izohda.

Ovoz berish

Qonun loyihasi ilgari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan edi.

Hujjatni qabul qilish uchun birinchi o‘qishda 138 nafar deputat ovoz berdi, 1 nafari qarshi chiqdi, 1 nafari betaraf qoldi va 8 nafari ovoz bermadi.

Hujjatni ikkinchi o‘qishda 138 nafar deputat ma’qulladi, 1 nafari qarshi chiqdi, 1 nafari betaraf qoldi, 5 nafari ovoz bermadi. Uchinchi o‘qishda 140 nafar deputat yoqlab ovoz berdi, 2 nafari qarshi chiqdi va 3 nafari ovoz bermadi.