Vazirlar Mahkamasida 18-dekabr kuni “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish bo‘yicha ma’muriy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.
Hujjat ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida raqobat muhitini shakllantirishning ta’sirchan mexanizmlarini hamda ko‘p kvartirali uylardagi joylarning kommunal to‘lovlari bo‘yicha yagona to‘lov usulini yaratish maqsadida qabul qilingan.
Qarorda qayd etilishicha, “Mening uyim” billing tizimi orqali ko‘p kvartirali uydagi joy mulkdorining unikal raqamidan foydalangan holda tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, ichimlik suvi va oqova suv hamda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun kommunal to‘lovlarni “yagona to‘lov” tamoyili asosida amalga oshirish imkoniyati joriy etilgan.
Hujjat bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish hamda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga biriktirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilandi. Bunda talabgor yoki boshqarish organi so‘rovnoma berish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat etadi.
Elektron reyestrga kirish uchun quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- talabgorning ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilari hamda moddiy-texnik bazasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar pasportining tasdiqlangan nusxasi;
- tasdiqlangan shtatlar jadvali;
- tegishli malaka sertifikat.
So‘rovnoma YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 50 foizi (187 ming 500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. So‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, belgilangan yigimni to‘lamaslik davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.