“Gazeta.uz” jurnalistlari ishtirokidagi “Kontekst” podkastining navbatdagi mavzusi O‘zbekiston ko‘chalari va yo‘llaridagi og‘ir ahvol bo‘ldi. Mamlakatda 2023-yilning o‘zida 2300 ga yaqin inson halok bo‘lgani va 9200 dan ortiq inson jarohat olgani kabi dahshatli statistik ma’lumotlar negadir hukumatda ham, parlamentda ham, jamiyatda ham qizg‘in muhokama va bahslarga sabab bo‘lmayapti.

Bu ko‘chalardagi harbiy harakatlar yoki qurolli to‘qnashuvlar tufayli emas, balki hokimiyatning xonadonlar, uylardan tashqarida xavfsiz muhitni ta’minlay olmayotgani tufayli sodir bo‘lmoqda.

Bahodir Abdullayev, Sabina Bakayeva, Muhrim A’zamxo‘jayev va Davlat Umarovlar muhokama davomida bir qator savollarni ko‘tardi, ularga beriladigan javoblar esa vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Mana o‘sha savollar:

  • Nima uchun Toshkent, boshqa shaharlar va aholi punktlari ko‘chada odamlar xavfsiz harakatlana olishiga imkon bermaydi?
  • Nima uchun odamlar o‘zi va yaqinlarining hayoti uchun doimiy xavotir hamda qo‘rquv his qilishi kerak?
  • Nima uchun yo‘l harakatining hech bir ishtirokchisi — na piyodalar, na avtomobildagilar, na jamoat transportidagilar, na velosipeddagilar, hatto turar-joy binolari hovlilarida yurgan odamlar bu xavfdan butunlay himoyalanmagan?
  • Nima uchun ota-onalar bolalarining qo‘llarini ular qoqilib, yiqilib ketmasligi, xavfli biron bir narsaga urilib ketmasligi uchun hatto piyodalar yo‘laklarida ham ushlab yurishi kerak?
  • Qanday qilib avtomobillar soni taxminan bir xil bo‘lsa ham, O‘zbekistonda Shvetsiyadagiga qaraganda 10 baravar ko‘p odam yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi (Shvetsiyada 1000 kishiga to‘g‘ri keluvchi avtomobillar soni O‘zbekistondagidan 5 baravar ko‘p)?
  • Muhokamaning barcha ishtirokchilari vaziyatga piyodalar o‘zini himoyasiz his qilishi, haydovchilar esa (ongli va ongsiz ravishda) yo‘l harakati qoidalarini osonlik bilan buzishiga imkon beruvchi atrof-muhit va infratuzilma katta ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidladi. Nega mas’ul idoralar buni ko‘rmaydi? Ularni bu vaziyat qoniqtiradimi?
  • Nega faqat jiddiy yo‘l-transport hodisalaridan keyin qandaydir qaror qabul qilinadi (masalan, svetofor o‘rnatiladi, bu ham har doim emas), xavflar oldindan hisobga olinmaydi?
  • Nima uchun rahbarlar mavjud vaziyat uchun javobgarlikni bo‘yniga olmaydi?
  • Odatda vaziyatni yaxshilash talab qilinadigan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining va umuman, hokimiyat organlarining vazifasi nimadan iborat? Maqsad va ustuvorlik to‘g‘ri belgilanganmi?
  • Nega O‘zbekiston qonunchiligi qoidabuzarlarga nisbatan bunday “mehribon”?
  • Nega davlat o‘z fuqarolarini yo‘llarda himoya qila olmaydi? Nima uchun inson eng oliy qadriyat deb e’lon qilingan mamlakatda bu sodir bo‘lmoqda?

“Atrofda sodir bo‘layotgan voqealar normal emas, bunga rozi bo‘lish mumkin emas”, — deydi muhokama ishtirokchilari.

Suhbat ikki tilda olib borilgan (rus tilidagi qismlarida o‘zbekcha subtitrlar mavjud). Tomosha qiling, fikr-mulohazalaringizni izohlarda bildiring va videoni ulashing.